platina.uz
Jahon

Kashmir fojiasi: terrorizmmi yoki provokatsiya?

Kashmir bir vaqtning oʻzida uchta davlat – Hindiston, Pokiston va Xitoy uchun tortishuv nuqtasiga aylangan. Hozirgi vaqtda Kashmir hududining taxminan 10 foizi Xitoyga, uchdan bir qismi Pokistonga va qolgan qismi Hindistonga tegishli. 

Kashmir fojiasi: terrorizmmi yoki provokatsiya?
Fotokollaj: Platina.uz

Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp yillik nizoning yana bir ogʻirlashishi 2025 yil 22 aprel kuni roʻy berdi. Shu kuni qurolli shaxslar guruhi Hindistonning Kashmirda joylashgan sayyohlik shahri – Paxalgamda terakt uyushtirdi. Bu shahar shartli ravishda Hindiston tarkibidagi Jammu va Kashmir ittifoq hududida joylashgan. Hujum vaqtida sayyohlar oʻqqa tutildi, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 26 nafar kishi halok boʻldi, yana koʻplab odamlar jarohat oldi.

Bahsli hudud

Kashmir bir vaqtning oʻzida uchta davlat – Hindiston, Pokiston va Xitoy uchun tortishuv nuqtasiga aylangan. Hozirgi vaqtda Kashmir hududining taxminan 10 foizi Xitoyga, uchdan bir qismi Pokistonga va qolgan qismi Hindistonga tegishli.

Kashmir kimlar qoʻlida?

Bu muammoli vaziyat 1947 yilda Buyuk Britaniya oʻz mustamlakalariga mustaqillik berganidan keyin yuzaga keldi. Hindiston, Pokiston va Kashmir shahzodaligi alohida davlatlar sifatida shakllandi. Kashmirda aholining koʻp qismi musulmonlardan iborat boʻlgani uchun uning Pokistonga qoʻshilishi kutilgan edi. Biroq oʻsha paytdagi Kashmir hokimi – maharoja hind millatiga mansub boʻlgani uchun Hindistonni tanlagan. Keyinchalik roʻy bergan voqealar natijasida Kashmir boʻlinib ketdi, bu esa ikki davlat oʻrtasida doimiy nizolar va urushlar manbasiga aylandi.

Soʻnggi 25 yil davomida deyarli har yili Jammu va Kashmir hududida teraktlar sodir boʻlgan va minglab odamlar jabrlanishgan. Biroq ularning koʻpchiligi harbiy va hukumat obʼektlariga yoʻnaltirilgan boʻlib, tinch aholiga nisbatan bunday ommaviy hujumlar kam uchragan.

22 apreldagi voqealar terrorchilar tomonidan “qasos amaliyoti” sifatida taqdim etildi. Ularning daʼvolariga koʻra, Jammu va Kashmirda Hindistonning boshqa hududlaridan kelgan 85 ming nafardan ortiq “begona”, yaʼni hind fuqarolari joylashib olgan va bu vaziyat ularda norozilik tuygʻusini uygʻotgan.

Tinch sayyohlarni otib tashlash Hindiston jamoatchiligini gʻazablantirdi. Hindiston hukumati deyarli darhol Pokiston hukumatini bu teraktda ishtirok etganlikda aybladi. Pokiston bu ayblovlarni rad etmoqda.

Hind terrorchilari aybdormi?

Bu nuqtada vaziyatni chuqurroq tahlil qilish kerak. Bir tomondan, Pokistondagi qiyin yetib boriladigan togʻli hududlarda jangarilar lageri mavjudligi sir emas.

Boshqa tomondan, Pokiston hukumati bu guruhlar davlat nazoratida emasligini taʼkidlab keladi va ayrim jangarilarga qarshi oʻzlari ham qoʻlga qurol olganini aytadi. Siyosat murakkab narsa – kechagi dushman bugungi ittifoqchiga aylanishi yoki ikkala tarafga bir xil yomon koʻrinadigan raqibga qarshi vaqtincha birlashish ham mumkin.

Shu bilan birga, Pokiston oʻzining bu voqeaga aloqasi yoʻqligini taʼkidlamoqda va aksincha, Nyu-Delini terrorizmni qoʻllab-quvvatlashda ayblayapti.

Bu daʼvo oddiy oʻquvchiga tushunarsiz tuyulishi mumkin, ammo Hindistonning oʻzida ham islomga hech qanday aloqasi boʻlmagan terrorchilik guruhlari mavjud. Bu – sikx milliy ekstremizmi va shuningdek, "shafran terrorizmi" deb nomlangan hind milliy radikal guruhlardir. Ular hindutva – hind milliy hukmronlik gʻoyasiga asoslanadi. Bu harakatlar asosan Hindistonda musulmonlar va nasroniylar taʼsirini kamaytirishga qaratilgan.

Eʼtiborli jihati shundaki, Hindistonda hokimiyatda turgan millatchi partiya – “Bxaratiya Janata Parti” (BDP) xindutva gʻoyalarini yoqlaydi va hinduviylik terror bilan bogʻliq boʻlishi mumkin emas”, degan fikrni ilgari suradi.

Shu tariqa, Islomobod bilvosita shunga ishora qilmoqdaki, teraktni Hindistonning oʻzi tashkil etgan boʻlishi mumkin. Bu – Pokistonni ayblash, unga qarshi harbiy amaliyot boshlash va Kashmir muammosini keskin hal qilish uchun ishlab chiqilgan ssenariy boʻlishi mumkin.

Bundagi eng muhim omillardan biri – jahon afkor ommasida Hindiston xalqining tinchlikparvar va bagʻrikeng xalq sifatidagi imijidir. Bu qarash, asosan, Maxatma Gandining merosidan kelib chiqqan. Ommaviy madaniyat va propaganda taʼsirida odamlar miyasiga “tinchgina va xokisor holda meditatsiya qilib oʻtirgan, yoki hind ayurvedasiga muvofiq sigir peshobini ichib, sigirga sigʻinishdan boshqasini bilmaydigan tinch va qurolsiz hind, yoki faqat oʻyin-kulgi va raqs bilan mashgʻul hind obrazi” singdirib yuborilgan.

Unga qarshi ravishda, islom dini OAVda koʻpincha ommaviy axborot vositalarida radikallik bilan bogʻlanadi. Shu bois, nizolarda musulmon tomon aybdor sifatida koʻrilaverishi tabiiy boʻlib qolgan.

Ammo real voqelikda barchasi bunchalik oddiy emas. Hozirgi vaziyat oʻta murakkab va siyosiy tortishuvlar, mintaqaviy manfaatlar hamda ideologik kurashlar bilan chambarchas bogʻliq.

Kali ilohasining uzun qoʻllari

Tarixan olib qaraganda va hinduviylik diniga chuqurroq nazar solinsa, u qadimiy va koʻpincha dahshatli marosim va ibodatlar bilan toʻla. Masalan, hozirgacha hindlarda inson qadrini pastga uradigan amaliyotlar – inson qadrini pastga uruvchi kasta tizimi, eri oʻlgan ayolni ham eriga qoʻshib yoqib yuborishlarini talab qilish (sati), aks holda uni iflos va manfur odam sifatida jamiyatdan ayirib tashlash, shuningdek, oʻta yovuz va qonxoʻr Kali ilohasiga sigʻinish kabilar shular jumlasidandir.

Sati diniy marosimi – beva ayolni eri bilan birga tiriklay yoqish marosimi. “Xitoy va Hindiston tarixi suratlarda” kitobidan, 1851 yil.

Hindlarning fikricha, Qora Kali – barcha tirik mavjudotlarning onasi Parvatining gʻazabli shakli boʻlib, uning gʻazabi butun olamni yoʻq qilishi mumkin. Hindlar ongida bu dahshatli iloha qanday oʻrin tutishini Kalkutta shahrining nomidan ham tushunish mumkin – bu nom “Kalining shahri” degan maʼnoni bildiradi.

Kaliga ibodat qilish hindlar uchun mutlaqo odatiy, lekin zamonaviy gʻarblik inson uchun tushunarsiz va jirkanch marosimlar bilan bogʻliq ekani maʼlum. Masalan, mashhur boʻlgan “txaglar” – bu yoʻltoʻsarlar va qaroqchilar boʻlib, ular aynan oʻlim va vayrona ilohasi Kali nomi bilan odam oʻldirishgan.

Hindlar tasavvuridagi Kali ilohasi.

Yoxud hozir ham Hindstonda balogʻatga yetmagan qizchalar maʼlum bir ibodatxonaga borib, tanalarini biror ilohga bagʻishlashadi – odamlarga oʻz tanasini taklif etishadi. Amalda ular tekin fohishalik bilan shugʻullanishadi. Bu hindlarda “ibodat va savobli amal” hisoblanadi.

Hindistondagi diniy fohishalar – Devadasi.

Boburiylar Hindistonni zabt etishganida bu odatlarga chek qoʻyishga uringan. Ammo Buyuk Britaniya bosib olganidan keyin vaziyat yana asliga qaytgan.

Taʼkidlash kerak, Mahatma Gandi nomi va falsafasi bilan bogʻliq Hind Milliy Kongressi (HMK) partiyasi soʻnggi asrda mamlakatni dunyoviy va gʻarbcha sivilizatsiyaga yaqinroq qilishga intilib, hindlar ongidagi vahshiylik va boshqa jirkanch xurofotlarni yoʻqotishga urindi. Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi nizolar oʻn yillar davom etdi, Pokiston 1998 yilga kelib yadroviy davlatga aylandi, biroq HMK hokimiyatda turgan paytda yadroviy urush xavfi jiddiy koʻtarilmagan.

Ammo 2014 yilda oʻtkazilgan parlament saylovlarida boshqa bir umummilliy partiya – oʻta millatchi va islomofob – “Bharatiya Janata Parti (BJP) boshchiligidagi ittifoq gʻalaba qozondi. Bu partiya yetakchisi Narendra Modi Hindiston Bosh vaziriga aylandi. BJP mamlakatdagi musulmonlar va nasroniylarga qarshi siyosiy kuch boʻlib, uning asosiy gʻoyasi yuqorida zikr etilgan, gʻayriinsoniy vahshiylik va ifloslikka yoʻgʻrilgan “hindutva” gʻoyasiga asoslanadi.

Gʻalati jihati, bosh vazir Modi 2014 yilda jiddiy tarzda goʻyo hind ilohlari orasida filboshli Ganesha ilohasi mavjud ekani bois, qadimgi Hindistonda plastik jarrohlik mavjud boʻlgan, deya bayonot berdi.

2024 yilda esa Modi oʻzini oddiy inson sifatida tugʻilmagan, balki oliy iloh Paramatman tomonidan bu dunyoga tushirilgan, deb eʼlon qildi. Albatta, Paramatman va boshqa hindiy ilohiy obrazlar juda murakkab falsafiy talqinlarga ega va bosh vazir soʻzlarini turlicha izohlash mumkin. Biroq saylovchi uchun maʼnosi aniq: Modi – ilohiy kuch sohibi va u “xudolar” amrini bajarmoqda! Bu esa keng xalq ommasi uchun har qanday muxolifga qarshi yetarlicha “dalil” boʻlib xizmat qilmoqda.

Bu yerda tabiiy savol tugʻiladi – Modining oʻzi shunga ishonadimi yoki bu faqat hokimiyatni saqlash uchun qilinayotgan demagogiyami? Agar bu shunchaki siyosiy usul boʻlsa, bundan unchalik xavotir olish shart emas. Lekin agar u rostdan ham oʻzini ilohiy irodaning toʻgʻridan-toʻgʻri samarasi deb bilsa – bu xavfli prognozlarga sabab boʻlishi mumkin.

Modi “muqaddas” sigirlar fonida.

Oʻzini xudo hisoblaydigan siyosatchi – xavfli siyosatchi

Oʻzini oddiy odam emas, balki xudo yoki xudo joʻnatgan ilohiy shaxs deb eʼlon qigan hukmdorlar xalqi va qoʻshnilari boshiga katta tashvish solgan. Misr firʼavnlari bunga misol boʻla oladi. Hozirgi sharoitda hindlar ham Modini faqat saylovchilar emas, balki “xudolar” tanlagan muqaddas odam deb oʻylashadi. Modi oʻzini oliy haqiqat elchisi ekaniga oʻzi ishonayotgan boʻlsa – urdi xudo! Bunday vaziyatda eʼtiqod bilan reallik oʻrtasida jiddiy toʻqnashuv yuzaga keladi.

“Ilohiy vakolat”ga ega siyosatchi esa eng gʻayriaxloqiy yoki ahmoqona qarorlarni ham qabul qilishi mumkin. “Unga yoki davlatga bu ish manfaatli emas, shuning uchun bu ishni qilmaydi”, degan mantiqiy fikr bu yerda ketmaydi. Miyasi aynigan siyosatchi hushida yoki tushida biror “ilohiy ishora” koʻrsa, “xudolar menga shuni buyurdi”, deb, shunga muvofiq yadro raketasi otib yuborishdan ham toymaydi.

Yadro quroli – faqat oʻzaro tiyib turish vositasi emas!

2024 yilda Stokholm tinchlik tadqiqot instituti maʼlumotlariga koʻra, Hindistonda 172 ta, Pokistonda esa 170 ta yadroviy kallak mavjud. Bu mintaqani yadroviy sahroga aylantirish uchun yetarlimi? Albatta yetarli! Bunday vaziyatda 22 apreldagi terror aktini kim uyushtirganinng ahamiyati qolmaydi. Har ikki tomon allaqachon bir-biriga qarshi qattiq diplomatik, harbiy va iqtisodiy choralar koʻrdi, hatto boshqa davlat fuqarolarini deportatsiya qilishgacha bordi. Eng keskin choralardan biri – Nyu-Delining Hind daryosi boʻyicha suv kelishuvini toʻxtatib, Pokistonni suvsiz qoldirayotgani boʻldi. Natijada Islomobod Hindiston bilan urushga tayyor ekanini ochiq eʼlon qildi. Soʻnggi tunlarda Hindiston-Pokiston chegarasida oʻq uzishlar toʻxtamayapti.

Hindistondagi harbiy paradda yadro raketalarining namoyishi.

Albatta, agar yadroviy raketalarsiz odatiy urush haqida gapirsak, Hindistonda ustunlik bor. Odatiy qurollar, inson resurslari va moliyaviy imkoniyatlar boʻyicha Hindiston yengilmaydi. Shu sababli u birinchi boʻlib yadroviy qurol qoʻllash ehtimoli kam.

Ammo Pokiston unday emas. Birinchidan, Pokistonning harbiy doktrinasi dushman hali yadro raketasi otishga ulgurmagan boʻlsa-da, birinchi boʻlib yadroviy zarba berishga ruxsat beradi. Ikkinchidan, Pokiston yadroviy qurolni hatto oʻz hududida qoʻllashga tayyor. Oʻzi har qancha jabr koʻrmasin, dushman gʻalabaning mevasidan foydalana olmasligi uchun shunday qilishi mumkin.

Hindiston va Pokiston oʻrtasida yadroviy urush boʻlishi mumkinmi?

Ikki davlat oʻrtasidagi ehtimoliy urush borasida mutaxassislar fikri ikkiga boʻlingan. Ayrimlar ehtiyotkorlik bilan “ha, boʻlishi mumkin”, deyishsa, boshqalari “hech qachon boʻlishi mumkin emas” deb hisoblashadi. Ammo oxirgi yillarda dunyoda ilgari mutlaqo mumkin boʻlmaydi deb oʻylashgan voqealar yuz bermoqda. Turli mamlakatlardagi siyosatchilar “adolat” va “zarurat” haqidagi shaxsiy tushunchalarini shakllantirmoqda.

Bu vaziyatda oxirgi soʻz Narendra Modiniki boʻladi. Agar uning aql-hushi joyida, paragmatik siyosatchi boʻlsa, vaziyat katta urushga aylanib ketmaydi. Biroq u oʻzini rostan ham “xudolar” vakili deb hisoblasa, ahvol ogʻir...

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid