Boysundagi kondan yana vodorod sulfidi sizib chiqdi
Natijada gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi. Holat yaqin-atrofdagi aholi uchun xavf tugʻdirmasligi aytilmoqda.

5 may kuni Surxondaryo viloyatidagi "Mustaqillik-25" kondagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytadan kuzatilishi roʻy berdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborildi.
Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga toʻliq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda. Hodisa sodir boʻlgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan oʻrab qoʻyilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud Favqulodda vaziyatlar vazirligi, "Sanoatkontexnazorat" davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazoratda turibdi.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil 27 mart kuni ham mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori boʻlgan gazning chiqishi qayd etilgandi.
Ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quduq nazorat ostida yoqib qoʻyilgan. 22 aprel kuni quduq oʻqining gʻovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish toʻxtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan edi.
Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida "Oʻzbekneftgaz" AJ mutaxassislari hamda xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda.
Har bir holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar berib boriladi.
