platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston Rossiyadan muhojirlar huquqlarini taʼminlashni soʻradi

TIVda Rossiya elchisi bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishi va ularga nisbatan qoʻpol muomala holatlari haqidagi koʻpayib borayotganiga eʼtibor qaratildi. 

Oʻzbekiston Rossiyadan muhojirlar huquqlarini taʼminlashni soʻradi

2025 yilning 2 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bobur Usmonov Rossiyaning mamlakatimizdagi elchisi Oleg Malginov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tomonlar kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ikki va koʻp tomonlama hamkorlik doirasida oliy va yuqori darajadagi boʻlajak tadbirlar jadvalini kelishib oldilar.

Tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi konsullik-huquqiy masalalar boʻyicha hamkorlik yuqori darajada ekanini taʼkidladilar: har yili konsullik masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, migratsiya sohasida ham yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan: Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiyada ishlash uchun tashkiliy jalb etish masalalarini tartibga solish yuzasidan ikki tomonlama ishchi guruh har oy muntazam yigʻilishlar oʻtkazmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi muntazam maslahatlashuvlar fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga, konsullik xizmatlari sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga, shuningdek mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq masalalarni tezkorlik bilan hal qilishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Bularga fuqarolarning joʻnab ketishidan oldingi til va kasbiy tayyorgarlik, ruxsat berish tartib-taomillarining bir qismini Oʻzbekistonda amalga oshirish va qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash kabi masalalar kiradi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston tomoni Rossiya tomonining eʼtiborini Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekistondan kelgan mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishi va ularga nisbatan qoʻpol muomala holatlari haqidagi koʻpayib borayotgan xabarlarga qaratdi.

Bunday holatlar Rossiya hududida mehnat faoliyati olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini buzish hisoblanishi, bu huquq va erkinliklar esa yashab turgan mamlakat qonunchiligi asosida taʼminlanishi lozimligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan, koʻtarilgan masalani sinchkovlik bilan oʻrganish va Oʻzbekiston tomonining xavotirlarini Rossiya Federatsiyasining tegishli vakolatli organlariga yetkazish zarurligi alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Rossiya fuqarolarining ikki mamlakat hududidagi huquq va erkinliklarini oʻzaro taʼminlash boʻyicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid