platina.uz
Jamiyat

Xorijda oʻzbek restorani ochganlar xarajatining bir qismi qoplab beriladi

Prezident mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan toʻgʻridan-toʻgʻri reys qoʻyish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yoʻlga qoʻyish topshirdi.

Xorijda oʻzbek restorani ochganlar xarajatining bir qismi qoplab beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda yigʻilish oʻtkazmoqda. Viloyatda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham katta salohiyat borligi taʼkidlandi.

“Arda Xiva” majmuasiga viloyatlardan bittadan restorator olib kelish, Xiva shahrining Mevaston va Gazchi mahallalarida bir necha restoranlardan iborat 2 ta zamonaviy “fud-kort” tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

Milliy taomlarimizni xorijda tanitayotgan restoratorlar qoʻllab-quvvatlanadi.

Mutasaddilarga xorijda oʻzbek restoranlarini tashkil qilishda roʻyxatdan oʻtish, ruxsatnoma va faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplab berishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yoʻnalishlari rivojlangan boʻlib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi.

Shu munosabat bilan Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi.

Har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard soʻm ajratib boriladi.

Viloyatda birorta xalqaro brendli mehmonxona yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Xorazmda yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi. Buning hisobiga yil yakunigacha 2,5 ming oʻrinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirish, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona boʻlishi shartligi qayd etildi.

Sayyohlar issiq kunlarda viloyatda suzish havzalari yetishmasligini aytishadi. Shu bois mehmonxona va koʻngilochar maskanlar hududida basseyn qurish xarajatining bir qismi ham qoplab beriladi.

Xorazmda xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshmoqda. Gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat koʻrsatadi. Koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning etikasi boʻyicha ham savollar koʻpligi qayd etildi.

Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga oʻqitish zarurligi taʼkidlandi.

Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta toʻsiq, bu – transport ekani qayd etildi.

Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qoʻyilgani natija berdi. Lekin, reys yoʻqligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yoʻqotilayapti.

Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan toʻgʻridan-toʻgʻri reys qoʻyish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy meʼmorchilik anʼanalariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.

Masʼullarga ishlar boshlanishini kutib oʻtirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi oʻquv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid