Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ochildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu marosimda nutq soʻzladi. Ushbu turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran va boshqalar mavjud.

Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida viloyatning buyuk oʻtmishi va bugungi turizm salohiyati haqida soʻzladi.
– Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qoʻshgan Sharq gavharidir. Bu koʻhna yurt jahonga dongʻi ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir, – deya taʼkidladi davlat rahbari.

Bu yerdagi muhtasham tarixiy obidalar bebaho boylik ekani qayd etildi. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qalʼa” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YuNESKO roʻyxatiga kiritilgan. Viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obʼekti mavjud. Ular oʻzining noyob va goʻzal meʼmoriy qiyofasi bilan nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror oʻrnini belgilab beradigan tirik tarixdir.
Bugungi kunda bunga asoslanib, turizmni rivojlantirishga alohida strategik yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obʼektlari asrab-avaylanib, global turizm tarmogʻiga faol jalb qilinmoqda.

Shu bilan birga, oʻzida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualar ham barpo qilinayotir. “Arda Xiva” shunday ulkan rejalarning yana bir amaliy natijasidir. Ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming oʻrinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, koʻrgazmalar paviloni, 70 ta doʻkon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sohil boʻyi yoʻlagi bor.
Bunday ishlar hisobidan viloyatga turistlar oqimi qoʻshimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion soʻmga koʻpayadi, kamida 2 mingta ish oʻrni yaratiladi.
– Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qogʻozi”ga aylanadi. Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak boʻlsin, – dedi Prezidentimiz.
Yana bir yangilik – endi Xiva tumanidan 2 ming 400 gektar yer Xiva shahriga oʻtkazilib, u joyda “Sahro yulduzi” turistik majmuasi bunyod etiladi. Unda mehmonxonalar, koʻngilochar markazlar, gastronomik va savdo koʻchalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm joylari boʻladi.

Shuningdek, Tuproqqalʼada choʻl hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qoʻshkoʻpir, Xiva va Hazoraspdan oqib oʻtadigan Gʻazovot, Polvon, Shovot kanallari boʻylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat koʻrsatish, savdo-koʻngilochar obʼektlari ishga tushiriladi. Bogʻot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.
Maʼmun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bogʻ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan oʻnlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.
Davlatimiz rahbari Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpogʻiston elini Xudoi taoloning oʻzi taqdirdosh qilib yaratganini taʼkidladi. Shu bois Xorazmda turizmni rivojlantirish Qoraqalpogʻiston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiriladi. Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpogʻiston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. “Urganch – Gurlan – Mangʻit” avtomobil yoʻli toʻliq rekonstruksiya qilinadi.
Soʻnggi yillarda Xiva shahriga temir yoʻl tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yoʻli toʻliq elektrlashtirildi. 2026 yilda ushbu yoʻnalish boʻylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Yaqin kelajakda bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.
Prezidentimiz marosimda qatnashayotgan xorijlik mehmonlarni ham qutlab, hamkor ellarga hurmat va ezgu tilaklarini bildirdi.
– Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Oʻzbekiston oʻz yoʻlidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, doʻstlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda. Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom boʻlgay. Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpogʻistonni dunyodagi eng goʻzal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va sanʼat yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosim katta konsert namoyishi bilan yakunlandi.