Oʻzbekiston soʻz erkinligi reytingida 148-oʻrinni egalladi
Mamlakat 2024 yilgi oʻrnini saqlab qoldi. Markaziy Osiyoda Qozogʻiston 141-oʻrin, Qirgʻiziston 144, Tojikiston 153-oʻrinni egallagan.

Oʻzbekiston matbuot erkinligi reytingida biroz pastladi.
“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti 180 mamlakatni qamrab olgan yillik matbuot erkinligi reytingini taqdim etdi.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda soʻz erkinligi darajasi soʻnggi oʻn yilliklardagi eng past darajaga yetgan. Oʻzbekiston ushbu roʻyxatda oʻtgan yilgi oʻrnini saqlab qolgan holda 148-oʻrinni egalladi. Shu bilan birga, mamlakat indeksi 37,27 dan 35,24 punktga tushib ketdi, bu OAV uchun sharoit yomonlashganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari va qoʻshni davlatlar oʻrtasida oʻrinlar quyidagicha taqsimlangan: Qozogʻiston 141-oʻrin, Qirgʻiziston 144, Tojikiston 153, Belarus 166, Rossiya 171, Turkmaniston 174-oʻrinda. Reytingda jurnalistlar uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan Norvegiya, Estoniya va Niderlandiya yetakchilik qildi. Eritreya oxirgi oʻrinda.
Hisobotga koʻra, 90 ta davlatda ommaviy axborot vositalari xodimlarining ahvoli ogʻir yoki oʻta ogʻir deb baholanmoqda. Jurnalistlar ahvolining yomonlashishiga asosiy sabablar iqtisodiy bosim, avtoritar tendentsiyalarning kuchayishi va beqaror xavfsizlik vaziyatidir. 180 ta davlatdan 160 tasida OAV barqaror faoliyatini taʼminlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mamlakatlarning uchdan birida nashrlar koʻpincha hukumat aralashuvidan keyin yuzaga keladigan moliyaviy muammolar tufayli yopiladi. 46 mamlakatda ommaviy axborot vositalari cheklangan miqdordagi egalari tomonidan nazorat qilinadi, bu esa qarashlar xilma-xilligini kamaytiradi.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti matbuot erkinligini cheklashda iqtisodiy omillar asosiy rol oʻynashini taʼkidlaydi. Koʻpgina mamlakatlarda mustaqil nashrlar mablagʻ yoʻqotmoqda, yirik ommaviy axborot vositalari davlat yoki unga yaqin tuzilmalar nazoratiga oʻtmoqda. Bu esa axborot sifatining pasayishiga, soʻz erkinligining cheklanishiga olib keladi.
Reyting yetakchisi boʻlgan Norvegiyada jurnalistlar maxsus tizim orqali davlat hujjatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlib, bu mamlakatni OAV faoliyati uchun dunyodagi eng shaffof davlatlardan biriga aylantiradi.