Tramp tariflaridan soʻng Xitoyda ilk muammolar boshlandi
Aprel oyida Xitoy zavodlari koʻrsatkichlarida soʻnggi bir yildagi jiddiy pasayish kuzatildi. Mamlakat mahsulotlariga boʻlgan talab COVID-19 dan keyingi eng past darajaga tushdi.

AQShning boj tariflari Xitoyga oʻz taʼsirini koʻrsatishni boshladi.
Trampning Xitoy mahsulotlariga qoʻygan 145 foizlik boj tarifidan uch hafta oʻtib, aprel oyida Xitoy zavodlari orasida soʻnggi bir yildagi eng keskin pasayish kuzatildi.
30 aprel sanasida eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, AQSh tariflarining oqibatlari birinchi marta aniq koʻzga tashlandi va bu Xitoy iqtisodiyotiga qanday taʼsir koʻrsatganini ochib berildi. Unga koʻra, ishlab chiqarish boʻyicha sotib olish menejerlari indeksi 49,0 ga tushib ketdi. Mart oyida bu koʻrsatkich 50,5 edi. Umuman olganda, agar bu raqam 50 dan past boʻlsa, demak, ishlab chiqarishdagi faoliyat susayganini bildiradi. Tadqiqotlarga qaraganda, Xitoy mahsulotlariga boʻlgan talab COVID-19 dan keyingi eng past darajaga tushdi.
Shuningdek, ishlab chiqarish sohasidagi ish oʻrinlari ham 2024 yil fevralidan buyon eng past nuqtaga yetdi.
29aprel kuni eʼlon qilingan tadqiqot hisobotida Nomura Securities shunday deydi: agar Xitoyning AQShGA eksporti 50 foizga kamayadigan boʻlsa, Xitoyda 5,7 million kishi darhol ishini yoʻqotishi mumkin, va bu raqam hattoki 15,8 million ishchigacha yetishi mumkin.
Pekin AQSh bilan savdo urushi davrida oʻz iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlashga maqsadida odamlarni koʻproq sarflashga undovchi tashabbuslar ilgari surmoqda. Taklif etilayotgan gʻoyalar orasida ehtiyojmandlarga subsidiya ajratishni koʻpaytirish va nafaqaxoʻrlar uchun pensiya toʻlovlarini yaxshilash maqsadida mahalliy hukumatlarni harakatga keltirish ham mavjud.
Bundan tashqari, savdo urushidan AQSh kompaniyalari ham zarar koʻrmoqda. 29 aprel kuni yuk tashish giganti United Parcel Service 20 mingta ish oʻrnini qisqartirayotganini va 73 ta binosini yopayotganini maʼlum qildi. General Motors esa bu yilgi barqaror daromad prognoziga endi tayanib boʻlmasligini aytdi. Kompaniya bunga sabab sifatida Tramp maʼmuriyatining import avtomobillar va ehtiyot qismlariga qoʻygan boj tariflarini koʻrsatdi.
Maʼlumot uchun: AQSh hukumati Xitoydan kirib keladigan mahsulotlarga nisbatan 145 foizlik boj tarifini joriy qilgan, Xitoy esa bunga javoban 125 foizlik boj tarifi bilan javob bergan.