platina.uz
Jamiyat

Prezident Urganch aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Aeroport kelajakda Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega boʻladi. Davlat rahbari al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi va Xonqadagi kichik sanoat zonasiga ham bordi. 

Prezident Urganch aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadida 1 may kuni Xorazm viloyatiga keldi.

Urganch xalqaro aeroporti aholi va mehmonlar talabiga toʻla javob bermayapti. U soatiga 400 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsata oladi, xolos. Bu qatnovlarni koʻpaytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun bu aeroportni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish koʻzda tutilgan.

Tashrif chogʻida davlatimiz rahbariga ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Bu borada 2024 yil 1 avgustda eʼlon qilingan ochiq tender ikki bosqichda oʻtkazilib, unda Fransiya, Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etdi.

Yakunda idoralararo tender komissiyasining qarori bilan Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation kompaniyasi gʻolib deb topildi.

Prezidentimiz ushbu kompaniya va loyiha rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sigʻimi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turishi, servis boʻyicha yetakchilardan biri ekanini aytdi. Urganch kompaniyaning ikkinchi aeroporti boʻlishini taʼkidlab, uni yangilash va boshqarish rejalarini maʼlum qildi.

Davlatimiz rahbari bunday ilgʻor kompaniya bilan sheriklikdan xursandligini taʼkidlab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha fikrlarini bildirdi.

- Xorazmda koʻplab zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va savdo markazlari barpo etayapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, oʻzaro manfaatli boʻladi, daromad koʻpayadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan hamkorlikda samolyotlar olib kelib, tashuvlarni koʻpaytirish boʻyicha fikr almashildi. Ushbu sheriklikdan foydalanib, servis boʻyicha Koreya tajribasini oʻrganish, mutaxassislarimizni oʻqitish va malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Loyihaning umumiy qiymati 223 million AQSh dollari boʻlib, uning doirasida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yoʻlovchi va yuk terminallari qurish, “ICAO” talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalari oʻrnatish, maxsus texnikalar xarid qilish koʻzda tutilgan.

Qurilish-rekonstruksiya ishlari 2025-2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Bularning natijasida aeroport Boeing 747 va Airbus 350 kabi yirik havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega boʻladi. Aerovokzalning umumiy maydoni 39 ming kvadrat metrga yetib, soatiga 1 ming 300 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvati yaratiladi.

Umuman, bunday zamonaviy infratuzilma orqali Xorazm aeroporti eng qulay yoʻnalishlardan biriga aylanadi. Xorazmning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishga hamda mamlakatimiz aviatsiya sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

Boʻlajak yangi terminal loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz uning ichki va tashqi qiyofasida milliy ruhni aks ettirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. Xorazmga tashrifdan maqsad yangi marralarni belgilab, iqtisodiyot koʻrsatkichlarini yanada oshirish, viloyatda yashayotgan 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yaxshilash, ish oʻrinlari ochib, odamlarning daromadini koʻpaytirish ekani taʼkidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari 2022 yil avgustda ushbu shaharcha poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Oʻtgan yillarda muhandislik tarmoqlari tortilib, 1 ming 773 ta xonadonli 72 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Bu yil mingta xonadonli yana 28 ta turar joy qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda jami 5 mingdan ortiq xonadon boʻladi.

Shaharcha Urganch xalqaro aeroporti yaqinida, 130 gektardan ziyod hududda bunyod etilmoqda. Samolyotdan tushgan mehmonlarning koʻz oʻngida avvalo mana shu goʻzal maskan namoyon boʻladi. Shaharcha markazida Xorazmiy bobomizning muazzam haykali oʻrnatiladi.

Prezidentimizga mazkur haykal loyihasi taqdimot qilindi.

Haykal shaharchada barpo etilayotgan 20 gektarlik bogʻning kirish qismida oʻrnatiladi. Uning balandligi 22 metr, poydevori bilan birga 30 metrdan ziyod boʻladi.

Mutasaddilarga monumentni ham bunyodkorlik, ham maʼno jihatidan takomillashtirish, shaharchada yashillikni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Kecha Prezidentimiz Al-Xorazmiy universiteti va ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish boʻyicha qaror imzoladi. Bu universitetda 3 ta: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi hamda sunʼiy intellekt fakultetlari boʻladi. Oʻquv jarayonlari “Yangi Oʻzbekiston” universitetining tajribasi asosida, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qabulni 2025-2026 oʻquv yilidan boshlash rejalashtirilgan. Jami talabalar soni 4-6 ming atrofida boʻlishi koʻzda tutilgan.

Shaharcha hududida Toshkentdagi Muhammad al-Xorazmiy maktabining filiali ham tashkil etiladi. Unga 4-sinf bitiruvchilari tanlab olinadi. Taʼlimning yakunlovchi 2 yili muhandislikka boshlangʻich tayyorgarlikka qaratiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida texnopark va ofislar, tibbiyot va madaniyat markazlari, xiyobonlar, maktab va bogʻchalar, sport majmualari, savdo va maishiy binolar boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida Xonqa tumanida barpo etilgan mebelsozlik kichik sanoat zonasini borib koʻrdi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 iyundagi mebel sanoatini rivojlantirishga oid qaroriga muvofiq, salohiyati bor tumanlarda shunday sanoat zonalari tashkil etilmoqda.

Xonqa tumanida ham avvaldan mebelsoz ustalar koʻp. Hozirgi kunda bu yoʻnalishda 140 dan ziyod tadbirkor, 500 dan ortiq xonadonda kichik ustaxonalar bor. Shu paytgacha ularning koʻpchiligi tor joylarda, noqulay sharoitlarda ishlardi.

Shu bois 10 gektar yer ajratilib, mebel mahsulotlarini klaster usulida ishlab chiqarish, koʻrgazma va savdo obʼektlarini oʻz ichiga olgan kichik sanoat zonasi barpo etildi. Bu yerda 10 million dollarlik 61 ta korxona faoliyat boshlamoqda. 650 kishi ish bilan taʼminlandi.

Korxonalarda Germaniya, Italiya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy dastgohlar oʻrnatilgan. Yiliga 108 milliard soʻmlik uy, ofis, mehmonxona, restoran, savdo va ijtimoiy muassasalar uchun mebellar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.

Prezidentimiz ustaxonalardagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi. Xorazm viloyatida qurilish koʻlami oshgani, koʻplab uy-joylar, mehmonxonalar, bino va inshootlar barpo etilayotganidan unumli foydalanib, korxonalar uchun buyurtmalar shakllantirish, yangi turdagi mahsulotlarni mahalliylashtirish zarurligini taʼkidladi.

Mebelsozlik kichik sanoat zonasida dizayner va texnologlar tayyorlash boʻyicha oʻquv markazi tashkil qilingan. Unga Turkiyadan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Ular bilan muloqotda mebellar sifatini taʼminlash, yoshlarning bu boʻyicha tajribasini oshirish haqida soʻz yuritildi.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tashqi bozorlarga ham yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. 3 million dollarlikdan ziyod eksport qilinishi moʻljallangan.

Yana bir muhim jihati, sanoat zonasida energiya samaradorlikka eʼtibor qaratilgan. Korxonalarning barchasiga quyosh panellari oʻrnatilgan.

Davlatimiz rahbari shourumda mahsulot namunalarini koʻzdan kechirdi, ularning sifatini va dizaynini yuqori baholadi.

Xorazm viloyatida mebel ishlab chiqarish bilan 300 dan ortiq korxona shugʻullanadi. Sohadagi yakka tartibdagi tadbirkorlar 200 dan ortiq, 1 ming 300 dan ziyod aholi oʻzini oʻzi band qilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid