Namanganda irrigatsiya tizimi mansabdorlari milliardlab mablagʻlarni oʻzlashtirgani fosh boʻldi
Ular Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan “aqlli suv” jihozlarini sotib olish uchun 8,4 mlrd. soʻm miqdorda pul mablagʻlari ajratilganligini bilib jinoiy reja tuzishgan.

2025 yil 24 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tuman sudining ochiq sud majlisida suv-irrigatsiya tizimida ishlagan bir guruh shaxslarga oid ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi M.A. “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hisobchisi vazifasida, shuningdek “SMART GROWTH” MChJ norasmiy rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan. U tanishlari “Norin- Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bosh hisobchisi N.J., “SMART GROWTH” MChJ taʼsischilari va rasmiy rahbarlari J.A., O.K. va X.A.lar bilan oʻzaro oldindan jinoiy til biriktirgan. Ular Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan “aqlli suv” jihozlarini sotib olish uchun 8,4 mlrd. soʻm miqdorda pul mablagʻlari ajratilganligidan xabar topib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish maqsadida oʻzlari tomondan qoʻlbola usulda yasalgan uskunalarni “SMART GROWTH” MChJ orqali qimmat narxda oʻtkazish va ushbu harakatlariga qonuniy tus berish jinoiy rejasini tuzishgan.
Ular mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻyib, aslida “SMART GROWTH” MChJda biror-bir vazifada ishlamagan va bu borada hech qanday bilimga ega boʻlmagan fuqaro O.T. va K.T.ni “texnik”, M.J.ni “veb-dasturchi”, A.B.ni “bosh muxandis-mexanik”, X.M.ni esa “sozlovchi-mexanik” kabi vazifalarda ishlashlari toʻgʻrisida 23.11.2023 yilda “Yagona milliy mehnat tizimi” dasturiga kelgusida oʻzlari foydalanishlari maqsadida soxta yozuvlar kiritilgan maʼlumotni tayyorlab, uni qalbakilashtirgan holda elektron tarzda kiritishgan.
“Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda “SMART GROWTH” MChJ oʻrtasida 7.348.320.000 soʻmlik 540 dona “aqlli suv” qurilmalarini yetkazib berish va oʻrnatish boʻyicha shartnoma tuzilib, jamiyat rahbari J.A.ning imzosini soxtalashtirilgan.
Jinoiy guruh jami 3.061.800.000 soʻmlik 225 dona qurilmalar yetkazib berilganligi haqida 13-sonli va 4.286.520.000 soʻmlik 315 dona qurilmalar yetkazib berilganligi haqida 14-sonli hisob-varaq fakturalarga soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritilgan holda rasmiylashtirilib, ushbu hisob-varaq fakturalarni qalbaki ekanligini bilganliklari holda undan foydalanib, toʻlovga taqdim qilishgan va ushbu mablagʻlar jamiyatning hisob raqamiga toʻliq oʻtkazilishiga erishishgan.
Shundan soʻng, M.A. oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, X.X, N.J, J.A, O.K. va X.A.lar bilan oʻzaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib, mansab mavqelarini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan aslida 4.850.481.139 soʻmlik 540 dona “aqlli suv” qurilmalarini “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga 7.348.320.000 soʻmga qimmat narxda oʻtkazib, jami 2.497.838.861 soʻm juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Sud hujjatida taʼkidlanishicha, asosiy sudlanuvchilardan boʻlgan M.A aybiga qisman iqror boʻlgan, X.X va J.A esa inkor etdi. Qolganlar ham aybiga qisman iqrorlik bildirdi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, M,A.ga oʻtash uchun uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. A.J.ga esa 136.000.000 soʻm jarima jazosi va oylik ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 2 oy 6 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. X.Xga esa ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 4 oy 24 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirildi. A,Xga esa 2 yilu 2 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zarar toʻliq qoplangani maʼlum qilingan. Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.