platina.uz
Jahon

AQSh va Ukraina oʻrtasida noyob minerallar boʻyicha bitim imzolandi

Ukraina nomidan shartnomani Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko imzoladi. U tabiiy minerallar ustidan toʻliq egalik va nazorat qilish huquqi Kiyev tomonida qolishini maʼlum qildi. 

AQSh va Ukraina oʻrtasida noyob minerallar boʻyicha bitim imzolandi

AQSh va Ukraina oʻrtasida noyob minerallar boʻyicha kelishuv imzolandi.

AQSh va Ukraina “iqtisodiy hamkorlik” toʻgʻrisida shartnoma imzoladi. Ushbu kelishuv AQShga Ukrainaning kamyob tabiiy minerallariga ega boʻlish imkonini beradi. Evaziga esa Ukraina AQShdan moddiy yordam oladi.

30 aprel kuni AQSh Moliya vazirligi shartnomaning imzolanganini eʼlon qildi. AQSh moliya vaziri Skott Bessent: “Prezident aytganidek, Amerika Qoʻshma Shtatlari beshafqat va maqsadsiz urushni tugatishni oʻzining asosiy maqsadi deb biladi. Shuningdek, Ukraina yangidan barpo etilgach, Rossiyaga urushda yordam bergan hech bir davlatning Ukrainadan foyda koʻrishiga yoʻl qoʻymaydi”, — deya taʼkidladi.

Ukraina nomidan shartnomani Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko Vashingtonda imzoladi. U X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida shartnoma shartlariga koʻra, tabiiy minerallar ustidan toʻliq egalik va nazorat qilish huquqi Ukraina tomonida qolishini maʼlum qildi.

“Bizning hududdagi barcha resurslar Ukrainaniki. Ukraina oʻzi kimga nima ajratishni mustaqil hal qiladi”, — deya qoʻshimcha qildi u.

AQSh va Ukraina oʻrtasidagi ushbu kelishuvga erishish jarayoni Donald Trampning Oq uyga qaytishidan soʻng boshlangan edi. Shartnoma bir necha haftalik keskin muzokaralardan soʻng imzolandi. Muzokaralar davomida Vashington hattoki Ukrainaga yordamni vaqtincha toʻxtatib qoʻydi.

Ukrainaning koʻplab ittifoqchilari uzoq vaqtdan beri uning mineral boyliklariga qiziqib kelmoqda. AQSh Geologik xizmati maʼlumotlariga koʻra, eng muhim hisoblangan 50 ta mineralning 22 tasi Ukrainada mavjud. Bular orasida tabiiy minerallar, elektronika ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan materiallar hamda yangi energiya texnologiyalarida qoʻllaniladigan resurslar bor.

Oʻtgan yili Bayden maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqilgan anglashuv memorandumi AQSh kompaniyalariga Ukrainadagi konchilik loyihalariga sarmoya kiritish imkoniyatini yaratishni koʻzlagan edi. Buning evaziga Kiyev iqtisodiy imtiyozlar taqdim etishi, shuningdek, qulay biznes va ekologik sharoitlarni joriy qilishi lozim edi.

Ukraina bunga oʻxshash kelishuvni 2021 yilda Yevropa Ittifoqi bilan ham imzolagan.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning fevral oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyga tashrif buyurganidan soʻng, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida tortishuv yuzaga kelgan edi. Shundan soʻng koʻpchilik ushbu kelishuv amalga oshmasligini taxmin qilgan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid