Aholining 88 foizi uchun elektr narxi oshgani sezilmasligi mumkin. Qanday qilib?
Endi oylik isteʼmolingiz 200 kVt/soatdan oshsa va 500 kVt/soatgacha yetsa, bazaviy meʼyordan ziyod qismi uchun 1000 soʻmdan emas, 800 soʻmdan toʻlaysiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr va gaz boʻyicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini bejizga bir oyga uzaytirmagani oydinlashdi.
Shu vaqt oraligʻida ikki hujjat tayyorlandi va unga koʻra aholi uchun qator imtiyozlar joriy qilindi. Shunday boʻlyaptiki, 1 maydan elektr uchun oshiriladigan narxlar isteʼmolchilarning katta qismi uchun deyarli sezilmaydi. Qanday qilib deysizmi? Unda maqolaning davomini oʻqing.
Narxlardagi oʻzgarish
Avvalroq 1 apreldan 200 kVt/soatgacha boʻlgan oylik isteʼmol uchun tarif 450 soʻmdan 600 soʻmga, 200 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha boʻlgan tarif 900 soʻmdan 1000 soʻmga oshishi eʼlon qilingandi.
Biroq keyinroq elektr energiyasi va gaz boʻyicha yangi tariflarning kuchga kirish muddati uzaytirildi. Yangi tariflar avval rejalashtirilgani kabi 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradigan boʻldi.
Davlat rahbarining topshirigʻi asosida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan grafikka oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritildi.
Foto: Narxlar grafigi
Roʻyxatga yangi band kiritildi
Jadvaldagi oʻzgartirishlarga eʼtibor qilgan boʻlsangiz, tariflar grafigida yangi band paydo boʻlgan.
Endi ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha boʻlgan oylik isteʼmoldan keyingi norma avvalgidek 1000 kVt/soatgacha emas. Oʻrtaliqda 500 kVt/soatgacha boʻlgan norma kiritilgan.
Demak, endi oylik isteʼmolingiz 200 kVt/soatdan oshsa va 500 kVt/soatgacha yetsa, bazaviy meʼyordan ziyod qismi uchun 1000 soʻmdan emas, 800 soʻmdan toʻlaysiz! Shunda bazaviy meʼyordan oshgan 500 kVt/soatgacha elektrning narxi avvalgidan ham arzon (avval 900 soʻm edi, endi 800 soʻm) boʻladi.
Elektr narxi oshgani kimlarga sezilmaydi?
Energetika vazirligining maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda 7 mln 629 ming nafar abonent mavjud. Shundan oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadigan abonentlar soni 6 mln 705 mingtani, yaʼni jami isteʼmolchilarning 88 foizini tashkil etadi.
Yuqorida kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, shuncha aholi bazaviy meʼyordan (200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha) oshgan elektr uchun avvalgidek 900 soʻmdan emas, 800 soʻmdan toʻlaydi. Hisob-kitoblarga koʻra, oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadiganlarga 1 maydan narxlarning oshishi sezilmaydi.
1 mayga qadar:
- Ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha boʻlgan tarif — 450 soʻmdan, yaʼni oyiga 90 ming soʻm edi.
- 200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha boʻlgan qismi uchun tarif — 900 soʻmdan, yaʼni oyiga 270 ming soʻm hisoblanardi.
- Jami summa: 90 000 + 270 000 = 360 ming soʻm.
1 maydan keyin:
- Ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha boʻlgan yangi tarif — 600 soʻmdan, yaʼni oyiga 120 ming soʻm boʻladi.
- 200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha boʻlgan qismi uchun yangi tarif — 800 soʻmdan, yaʼni oyiga 240 ming soʻm hisoblanadi.
- Jami summa: 120 000 + 240 000 = 360 ming soʻm.
Demak, oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadiganlar uchun umumiy xarajat oʻzgarmagan: oylik sarf 360 ming soʻm boʻlib qolaveradi.
Byudjetga katta yuk tushmasligi kerak
Oʻzbekistonda energiya resurslari tariflari 2019 yil avgustdan 2024 yil 1 mayigacha boʻlgan qariyb 5 yil davomida oshirilmagandi. Tariflar oradan yana bir yil oʻtib, 1 maydan oʻzgarmoqda. Hukumat qarori bilan oʻrnatilgan yangi tartibga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir yilda bir marotaba inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori boʻlmagan holda indeksatsiya qilib boriladi.
Energiya narxlari davlat tomonidan subsidiyalanganda, byudjetga katta yuk tushadi. Narxlarning meʼyor darajasiga keltirilishi subsidiyalarga bogʻliqlikni kamaytiradi va mablagʻlarni koʻproq taʼlim, tibbiyot va infratuzilma rivojiga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Narxlar oʻzgarishi boshqalarga qaraganda kam daromadli oilalarga koʻproq taʼsir qilishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, Prezidentning “Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi va ushbu qatlam davlat himoyasiga olindi.
1 milliondan ortiq oilaga 1 million soʻmdan moddiy yordam
Prezidentning qarori bilan 2025/2026 yilgi isitish mavsumi oldidan Reyestrlarga kiritilgan oilalarga, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ushbu norma orqali 1,3 mln oila qamrab olinadi va buning uchun 1,3 trln soʻm sarflanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalarga, Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, shuningdek, ikkala Reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila aʼzosiga 1 mln soʻmdan oz boʻlgan oilalarga gaz va elektr toʻlovi uchun kompensatsiya ajratiladi.
Shunda elektr uchun – oyiga bazaviy meʼyordan (yaʼni, 200kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha, gaz uchun – noyabr-fevral oylarida bazaviy meʼyordan (yaʼni, 500 kub metrdan) koʻp foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi toʻlab beriladi. Bunda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq qoplanadi.
Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu norma orqali 280 mingga yaqin oila qamrab olinishi va buning uchun yiliga 220 mlrd soʻm ajratilishi kutilmoqda.
Bir tomonda — energetika sohasidagi bozor islohotlari. Ikkinchi tarafda — aholining manfaatlari. Yangi tarif siyosati shu ikki oraliq muvozanatini topa oldi. Narx oshadi, lekin xalqning katta qismiga bu qattiq sezilmaydi. Chunki davlat faqat narxni emas, mexanizmlarni ham oʻzgartirmoqda. Bu esa, islohotni ogʻriqsiz oʻtkazishga imkon beradi.
M.Joʻrayev, ekspert