1 may kunidan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgardi?
Jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kiriladigan mahsulotlar qiymatining yangi chegarasi belgilandi, bu piyodalar uchun 300 dollarni tashkil etadi. Elektr va gaz narxlari esa oshdi.

2025 yil 1 maydan kuchga kirgan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgartirishlar sharhini taqdim etildi.
Muvofiqlikni roʻyxatga olish osonlashdi
Muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bekor qilindi. Koʻrsatilgan sanadan boshlab deklaratsiyani shakllantirish va hisobga olish Texnik jihatdan tartibga solish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bojsiz olib kirishning yangilangan meʼyorlari
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning quyidagi meʼyorlari belgilandi:
- havo transportida – 1 000 AQSh dollari;
- temir yoʻl va daryo transportida – 500 AQSh dollari;
- avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali – 300 AQSh dollari;
- xalqaro kurerlik joʻnatmalari orqali – 200 AQSh dollari;
- xalqaro pochta joʻnatmalari orqali – 100 AQSh dollari.
Banklarga qoʻshimcha huquqlar
Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan banklar va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalari auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni soʻndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni oʻzlari sotish huquqiga ega. Ular shuningdek bunday mol-mulkni kredit, boʻlib-boʻlib toʻlash yoki lizing shartnomalari orqali sotishlari mumkin.
1 maydan boshlab maishiy isteʼmolchilar uchun 1 kVt·soat elektr energiyasi narxi quyidagicha belgilandi:
oylik isteʼmol 200 kVt·soatgacha boʻlganda — 450 soʻmdan 600 soʻmgacha (+33,3 foiz);
201 dan 500 kVt·soatgacha — 800 soʻm;
501 dan 1000 kVt·soatgacha — 900 soʻmdan 1000 soʻmgacha;
1001 dan 5000 kVt·soatgacha — 1350 soʻmdan 1500 soʻmgacha;
5001 dan 10000 kVt·soatgacha — 1575 soʻmdan 1750 soʻmgacha;
oylik isteʼmol 10 ming kVt·soatdan oshganda — 1800 soʻmdan 2000 soʻmgacha.
Tadbirkorlar ustidan shartnomaviy asoslardagi davlat nazorati
Tadbirkor va qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari oʻrtasida shartnoma tuzilgan boʻlsa, tadbirkorlik subʼektlarining qurilish obʼektlarida qisqa muddatli davlat qurilish nazorati tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
Davlat organlari kadrlar boʻlimlari boshliqlarini attestatsiyadan oʻtkazish
2025 yil 1 maydan boshlab:
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish boʻyicha faoliyatini davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi baholab boradi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalarining rahbarlari ushbu qaror talablari asosida davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organida attestatsiyadan oʻtadilar.
Fonogrammadan foydalanishni cheklash choralari
2025 yil 1 maydan boshlab:
- Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
- konsert-tomosha tadbirlari reklamasida tegishincha «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» belgilari koʻrsatilishi kerak;
- ijodkorlarni davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijrodagi mahorati inobatga olinadi.
Energiya isteʼmoli uchun kompensatsiya choralari
2027 yil 1 aprelga qadar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va yordamini oluvchi hamda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, shuningdek, reyestrlarga kiritilmagan (daromadi har bir oila aʼzosiga eng kam isteʼmol xarajatlarining 1,5 baravaridan oshmaydigan) kam taʼminlangan oilalar mezonlariga tushuvchi oilalarga:
- narxlar oʻrtasidagi farq oyiga elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha bazaviy meʼyordan 150 kVt/soat yuqori boʻlganda;
- tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Kreativ park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari
2031 yil 1 yanvargacha kreativ park rezidentlariga quyidagi soliq imtiyozlari belgilanadi:
- ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 50 foiz kamaytirilgan stavkada toʻlash;
- rezidentlarni tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadi miqdoridan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar toifasiga kiritish. Bunda rezidentlar oʻz istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga oʻtishlari mumkin.
Tadbirkorlik subʼektlarining yiriklashuvini ragʻbatlantirish
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek, oʻz faoliyatini tegishincha yakka tartibdagi tadbirkor, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va tadbirkorlik subʼektlariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 50 million soʻmgacha, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida – 150 million soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Oʻz faoliyatini tegishincha oʻrta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlik subʼektlariga – bir yil davomida qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash (qaytarish) yetti kun muddatda amalga oshiriladi.
«Hamroh» dasturi doirasida grant va kreditlari
«Hamroh» tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida:
- ayollarga "yashil loyihalar" va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek kamida 5 nafar ayolning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashgan 1 ming nafar "ustoz" tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratish tashkil qilinadi;
- ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan ayollarga 100 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
- ayol-tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ kafillik taqdim etadi.
Tadbirkorlarda soliq tekshiruvi oʻtkazishning yangi tartibi
«Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) holatlari boʻyicha oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlariga tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subʼektini xabardor qilish talabi tatbiq etilmaydi.
«Toza qoʻllar» dasturi ishga tushiriladi
Barcha sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalarida qoʻl yuvish joylarini sanitar-gigiyenik vositalar bilan taʼminlash va sanitar xonalarning texnik holatini yaxshilashni nazarda tutuvchi «Toza qoʻllar» dasturi ishga tushirildi.
Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlarida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:
- asbest va sement, shlam va shlaklarni ishlab chiqarish;
- teri-oshlovchilik, parrandachilik fabrikalari;
- yuqori samarali chang tutuvchi va gazni tozalovchi inshootlar bilan jihozlanmagan har qanday turdagi koʻmirni yoqish;
- qora va rangli metallurgiya, tarkibida zaharli aralashmalar, zaharli kimyoviy moddalar boʻlgan shisha zavodlari;
- xavflilik darajasi boʻyicha I va II toifaga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
«Halol» belgisi bilan markirovka qilishning yangi tartibi
Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulotlar va xizmatlarni "Halol" belgisi bilan markirovka qilishni boshlash rejalashtirilmoqda.
Soliq organi huquqbuzarlarning bank operatsiyalarini toʻxtatib turishi mumkin boʻladi.
Tadbirkorlik subʼekti soliq qoidabuzarliklarini tan olganida, soliq organi tomonidan uning bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish tartibi joriy etildi.
Suv transportidan foydalanishning yangi tartibi
Tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan, GPS uskunasi oʻrnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan suv transporti vositalaridan (ichki yonuv dvigatelli) foydalanishga ruxsat etildi.