Oʻzbekistonda elektron sigaretlar muomalasi taqiqlanmoqda
Oliy Majlis Senati tegishli qonunni maʼqulladi.

Elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanmoqda. Senat bu haqda qonunni maʼqulladi.
Aytilishicha, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakatimiz hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Senatda maʼqullangan Qonun bilan muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari toʻgʻrisida oʻz ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatlidir.
