platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston tashabbusi bilan Xalqaro zilzila qurbonlari kuni taʼsis etildi

Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan Xalqaro zilzila qurbonlari kuni taʼsis etildi

2025 yil 29 aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan 29 aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.

Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.

Rezolyutsiya Oʻzbekiston Prezidentining zilzila qurbonlariga hurmat koʻrsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini taʼsis etish toʻgʻrisidagi tashabbusiga asoslangan.

2023 yil 16 mart kuni boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida davlat rahbari tomonidan favqulodda vaziyatlar boʻyicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgandi.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026 yil 29 aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966 yilda Toshkent shahrida sodir boʻlgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilandi.

Zilzilalar eng halokatli tabiiy ofatlardan biridir. Ular barcha tabiiy ofatlar orasida nisbatan kichik ulushni tashkil etishiga qaramay, koʻpincha eng fojiali oqibatlarga olib keladi.

Rezolyutsiya BMTGA aʼzo davlatlar, BMT tizimidagi muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlarni Xalqaro kunni nishonlashga, xususan, aholini xabardorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilik va tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan axborot-targʻibot tadbirlarini oʻtkazish orqali koʻmaklashishga chaqiradi.

Hujjatning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. Dunyoning turli burchaklarida zilzilalar tez-tez sodir boʻlayotgan sharoitda ushbu tashabbusning dolzarbligi alohida taʼkidlanmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid