Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi tunnellar orqali yuk tashiganlarga hukm oʻqildi
Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi yerosti yoʻli orqali Oʻzbekistonga umumiy bahosi salkam 6 mlrd soʻmlik telefonlarni olib kirgan. U jinoiy guruhga rahbarlik qilgan.

Andijonda tunnel qaziganlarga hukm oʻqildi.
2024 yilning mart oyida DXXning Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Xonobod shahar “A.Navoiy” MFY hududini Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlogʻi bilan bogʻlovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan edi.
Va u orqali, tovar-moddiy boyliklarni mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish bilan shugʻullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyilgandi.
Dastlab 1986 y.t. Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi yerosti yoʻli orqali Oʻzbekistonga umumiy bahosi 5 mlrd 954 mln. soʻmlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib oʻtib, mamlakatimizdan esa qiymati 1 mlrd. 558 mln. soʻmga teng boʻlgan 1 kg. 734 gr. nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980 yillarda tugʻilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yoʻlagi orqali olib oʻtilgan 2 mlrd. 839 mln. soʻmlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Yer osti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan boʻlib, uning kengligi 60-70 sm.ni, balandligi 170-180 sm.ni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.
Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983 y.t. Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi rahbarlik qilganligi aniqlanib, u tomonidan guruh aʼzolari oʻrtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyati ishi olib borilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986 y.t. Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi Jinoyat Kodeksning 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga, 3 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari esa Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yer osti tunneli” koʻmish yoʻli bilan yoʻq qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi.
Bundan tashqari, 1984 y.t. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining Xonobod shahar “A.Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yoʻq qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi.
Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirgʻiz Respublikasidan olib oʻtilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilganligi aniqlanib, hozirda mazkur yoʻnalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Huquq-tartibot organlari tomonidan kelgusida ham bu kabi jinoyatchilarga qarshi murosasiz kurashish davom ettiriladi.