platina.uz
Jahon

Isroil ichki xavfsizlik xizmati rahbari isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi

U HAMASning 2023 yil 7 oktabrdagi hujumining asosiy aybdorlaridan biri sifatida koʻrilardi. 

Isroil ichki xavfsizlik xizmati rahbari isteʼfoga chiqishini eʼlon qildi

Muammolarga duch kelgan Isroil Ichki xavfsizlik xizmati (Shin Bet) rahbari Ronen Bar joriy yilning 15 iyun kuni isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi.

Bundan uch oy oldin Isroil hukumati Xavfsizlik xizmati rahbarini lavozimidan ozod qilish masalasini ovozga qoʻygandi.

"Professional faoliyatim davomida qabul qilgan har bir qarorimning asosi — Vatanga boʻlgan muhabbatim va sodiqligim boʻlib kelgan", — dedi u vafot etgan Ichki xavfsizlik xizmati xodimlarini xotirlash marosimida.

Oʻz nutqida Bar 2023 yil 7 oktabrda yuz bergan muvaffaqiyatsizliklar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga oldi. “Tunlardan birida janubiy frontda osmon yerga quladi. Barcha tizimlar ishdan chiqdi va Ichki xavfsizlik xizmati ham ogohlantirish bera olmadi”, — dedi u.

Bar isteʼfosini erta eʼlon qilishining sababi — oʻrniga keladigan shaxsni oldindan aniqlash imkonini yaratishdir. Biroq uning lavozimda yana qancha vaqt qolishi hozircha nomaʼlum. 21 mart kuni Isroil hukumati Barni Shin Bet rahbari lavozimidan boʻshatish toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qilgandi.

Barning isteʼfosi 10 aprel kuni amalga oshishi kerak edi, biroq Isroil Oliy sudi isteʼfoni vaqtincha muzlatib turish haqida qaror chiqargan. Sudning ushbu qarori Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va uning oʻng qanot tarafdorlarining noroziligiga sabab boʻldi. Ular hatto isteʼfoni Bar belgilagan sanadan oldin amalga oshirishga urinishlari mumkinligini bildirgan.

Bar Netanyaxu va uning oʻng qanotdagi hukumati bilan keskin ziddiyatda boʻlib kelmoqda. Ayrim vazirlar uni hukumatni obroʻsizlantirish maqsadida tergovlar oʻtkazayotganlikda ayblashmoqda.

Oʻtgan hafta Bar Netanyaxu undan “shaxsiy sadoqat” kutayotganini aytgan edi. “Mamlakat inqirozga yuz tutgan bir paytda men Bosh vazirga emas, balki Oliy sudga boʻysunishim toʻgʻri boʻladi, deb hisoblayman,” — degan u.

Barning isteʼfosi eʼlon qilinganidan soʻng, Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir oʻz ijtimoiy tarmogʻida “Qutilganimiz rost boʻlsin” deya post qoldirdi.

Barni muxolifatdagi siyosatchilar qoʻllab-quvvatlashdi. Muxolifat yetakchisi Yair Lapid bayonot berib, shunday dedi: “Ronen Bar toʻgʻri va sharafli qaror qabul qildi. Masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish — aynan mana shunday boʻladi.”

Demokratlar partiyasi yetakchisi Yair Golan esa ijtimoiy tarmoqda “Netanyaxu, endi navbat seniki” deya post joyladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid