Aʼlo bahoga oʻqigan kambagʻal oila farzandlari oromgohga bepul yoʻllanma oladi
Kambagʻal oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi.

Davlat rahbariga kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash, nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish chora-tadbirlari boʻyicha axborot berildi.
Mamlakatimizda ehtiyojmand insonlar alohida eʼtiborga olinib, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi asosida bunday oilalarga mehnat, taʼlim, sogʻliq saqlashni kabi sohalarda koʻmaklashilmoqda.
Shu bilan birga, bu juda keng va uzluksiz jarayon boʻlib, doimiy takomillashtirishni taqozo etadi. Jumladan, kambagʻal oilalarni ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga qarab, uch toifada qoʻllab-quvvatlash taklif qilinmoqda.
Kambagʻal oilalarga 100 dan ortiq turdagi ijtimoiy xizmat, yordam va imtiyozlar taqdim etiladi. “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritish tartib-taomillari qonunchilik hujjati darajasida belgilanadi. Ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha individual rejalar tasdiqlanib, manzilli xizmat va yordamlar koʻrsatiladi. Bunday insonlar bandligini cheklovchi omillar bartaraf etilib, muayyan daromad topishiga sharoit yaratiladi.
Kambagʻal oila farzandlari maktabdagi uzaytirilgan kun guruhlari uchun toʻlovdan ozod qilinadi, aʼlo bahoga oʻqiganlar oromgohlarda bepul dam olishi mumkin boʻladi. Kambagʻal oiladan chiqqan aʼlochi talaba-qizlarga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdorida maxsus stipendiya toʻlanadi.
Taqdimotda nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash choralari haqida ham axborot berildi.
Unga koʻra, nogironligi bor insonlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berish, bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish, tadbirkorlarga Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hisobidan 500 million soʻmgacha subsidiya ajratish kabi ragʻbatlar koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, elektron savdo maydonchasi orqali nogironligi bor shaxslarga tegishli tovar va xizmatlarni xarid qilish miqdori oshiriladi. Ularga kasb-hunar oʻrgatish uchun texnikumlarda inklyuziv taʼlim guruhlari tashkil etiladi.
Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi. Bunday insonlarga kunduzgi qatnov asosida yoki uyda qarab turish, maishiy yumushlarda koʻmaklashish, yoʻqotilgan harakat faolligini qayta tiklash, kasalliklarning oldini olish kabi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni maʼqullab, ularni tizimli yoʻlga qoʻyish va bajarilishini nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.