platina.uz

$40 ming pora bilan qoʻlga tushgan prokuror hamon qidiruvda

Platina.uz 2024 yilda prokuratura tomonidan ochilgan dahshatli va xavfli jinoiy ishlarning hozirgi taqdiri qanday ekani bilan qiziqdi.

Jamiyat
5 kun avval, 19:32
$40 ming pora bilan qoʻlga tushgan prokuror hamon qidiruvda

2024 yil davomida turli darajadagi jinoiy ishlar doirasida prokuratura organlari turli ishlarni qoʻzgʻatgan. Xoʻsh, ularning keyingi taqdiri qanday yakun topgan?

Platina.uz jamoasi ana shu voqealarning eng dahshatlilari, ogʻirlari va xavflilarini toʻpladi. Bu borada Bosh prokuratura matbuot xizmati katta yordam berdi.

1. 2024 yil 31 yanvar kuni Kitob tumani Birlik MFYda yashovchi T.R. onasi O.R. nomida boʻlgan Damas avtomashinasini haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamisiz Hamid Olimjon MFY hududidan boshqarib kelib, chorrahadan oʻng tomonga burilganda yoʻlning oʻrtasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori safdor N.Musinovni urib yuborgan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-(Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish)moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

JIB Shahrisabz tumani sudining 2025 yil 19 martdagi hukmi bilan T.R. Jinoyat kodeksi 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

2. 2024 yil 18 mart kuni soat 10:30lar atrofida Buxoro viloyati Kogon tumanidagi chorrahada 1991 yilda tugʻilgan haydovchi O.Sh. boshqaruvida boʻlgan avtobus hamda 1984 yilda tugʻilgan haydovchi M.M. boshqaruvida boʻlgan yuk avtomobili ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

YTH natijasida bir nafar avtobus yoʻlovchisi ogʻir tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, bir nafar yoʻlovchi tan jarohati olgan boʻlib, 25 nafar yoʻlovchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Hodisa yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bundan tashqari, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qoʻpol qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganliklari aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Kogon tumani sudining 2024 yil 19 sentabrdagi hukmi bilan M.Haydarova, D.Yusupova hamda A.Avezova aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksining 28,207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

3. 2024 yil 27 mart kuni Bekobod tumanida 28 yoshli ayol 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan. Holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur holat boʻyicha Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

JIB Bekobod tumani sudining 2024 yil 13 avgustdagi hukmiga asosan, ayolning eri D.Hamrayev Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

4. 2024 yil aprel oyida Kurash federatsiyasi Shahrisabz tumani ijrochi direktori lavozimida ishlagan Toʻra Avloqulovning oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilgan.

Toʻra Avloqulovning oʻlimi bilan bogʻliq holat boʻyicha Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur holat boʻyicha Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

JIB Shahrisabz tumani sudining 2024 yil 5 sentabrdagi ajrimiga koʻra, U.Shoymardonov Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi va 97-moddasi 2-qismi “v,d,i,l” bandlarida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan deb topilib, Toshkent respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy tartibda davolanishga topshirilgan.

U.Shoymardonovga oid Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi va 97-moddasi 2-qismi “v,d,i,l” bandlari bilan jinoyat ishi u sogʻaygunga qadar ish yurituvdan toʻxtatilgan.

5. 2024 yil 14 aprel kuni Yangihayot tumani IIB XPB profilaktika inspektorlari bir xonadonda janjal boʻlayotgani haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida yetib kelishgan. Shu payt, xonadon egasi mast holda xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga qarshilik koʻrsatib, profilaktika inspektorlarining biriga pichoq bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105 (Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat boʻyicha Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Yangihayot tumani sudining 2024 yil 20 iyundagi hukmi bilan A.Xaitov Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 226-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

6. 2024 yil 9 may kuni Boʻstonliq tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan kadastr xodimiga qarshilik koʻrsatgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat boʻyicha Boʻstonliq tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Boʻstonliq tumani sudning 2024 yil 25 iyuldagi hukmi bilan M.Islamov va Z.Dexqonov Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

7. 2024 yil 13 may kuni Chilonzor tumanida BYD avtomashina haydovchisi YPX inspektorini urib yuborgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) va 266-(Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat boʻyicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Chilonzor tumani sudning 2024 yil 12 sentabrdagi hukmi bilan O.Abduhalilov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

8. 2024 yil 24 may kuni Margʻilon shahrida sodir boʻlgan pichoqbozlik yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat boʻyicha Margʻilon shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Margʻilon shahar sudning 2024 yil 16 sentabrdagi hukmi bilan O.Soibjonovga nisbatan 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

9. 2024 yil 9 iyul kuni Qashqadaryoda oʻz xizmat vazifasini bajargan IIB YHXB xodimini qasddan oʻldirgan avtomashina haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam oʻldirish) va 219 (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Mazkur holat boʻyicha Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan. JIB Chiroqchi tumani sudining 2024 yil 13 dekabrdagi hukmiga koʻra, sudlanuvchi B.Sarmanov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g,l” bandlari va 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan uzil-kesil oʻtash uchun 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

10. 2024 yil 9 iyul kuni “Koʻprik qurilish” MChJga qarashli temir sexiga kirish darvozasi chap tomoni issiq suv quvuri yorilib, VEOLIA ENERGY TASHKENT XK MChJ buyurtmasiga asosan KOMMUNALCHI ISSIQLIK QUVVATI TA’MIR MChJ xodimlari tomonidan kavlanib, ochiq holatda qoldirilgan va atrofida xavfsizlik toʻsiqlari oʻrnatilmagan. Issiq suv bilan yarim toʻlgan quduq ichida 6 yoshli A.Abdullayevning murdasi topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

JIB Uchtepa tumani sudining 2024 yil 15 oktabrdagi hukmiga asosan, MChJ direktori A.Usmanov Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, ushbu kodeksning 45-moddasiga asosan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllanilib, ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili A.Abdullayevning sudlanuvchi A.Usmanovga nisbatan moddiy daʼvosi yoʻqligi inobatga olingan.

11. 2024 yil 11 iyul kuni Yashnobod tumanida 30 yoshli erkak 3 yashar bolani qasddan oʻldirgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Mazkur holat boʻyicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

JIB Mirzo Ulugʻbek tumani sudning 2024 yil 29 noyabrdagi hukmi bilan S.Mukimov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v, j” bandlari, 25, 97-moddasi 2-qismi “b, g, j, r,” bandlari, 219-moddasi 2-qismi, eski tahrirdagi Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil oʻtash uchun 24 yil muddatga uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

12. 2024 yil 26 iyul kuni soat 06:19 larda Yangiyoʻl tumani Nurafshon koʻchasida joylashgan xonadonda yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida xabar kelib tushgan. Xabarga asosan Yangiyoʻl tumani FVB yongʻin qutqaruv qismi oʻt oʻchiruvchilari voqea joyiga yetib borgan va kelib chiqqan yongʻin bartaraf etilgan.

Xonadonni koʻzdan kechirish davomida 1991 yilda tugʻilgan erkak, 1999 yilda tugʻilgan ayol, 2021 va 2022 yilda tugʻilgan bolalar, 2018 yilda tugʻilgan qizning murdalari turli tan jarohatlari bilan topilgan. Maʼlum qilinishicha, vafot etganlar er-xotin va ularning 2 nafar farzandi, 1 nafar qiz jiyani boʻlgan.

Ushbu holat bilan bogʻliq jinoyat ishi birinchi instansiyada yopiq tartibda koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilingan. Ammo jazo ochiqlanmagan.

13. 2024 yil oktabr oyida erta tongda Qoʻshrabot tumanining Mustaqillik mahallasida joylashgan koʻp qavatli uylarning xonadonlaridan birida portlash sodir boʻlgan. Oqibatda er-xotin va ularning oʻgʻli va qizi vafot etgan.

Holat boʻyicha Qoʻshrabot tumani gaz taʼminoti boʻlimi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207 va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. JIB Qoʻshrabot tumani sudining 2025 yil 3 martdagi hukmiga asosan, A.Egamkulov Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi, 208-moddasi bilan aybli deb topilib, unga 59-moddasi 2-qismi tartibida 2 yil muddatga Qoʻshrabot tuman hududgaz tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, Pichot mahallasidagi yashash uyini u yoki bu sabab bilan tark etishi butunlay cheklangan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

14. 2024 yil 7 oktabrda Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda fuqaro I.X.ning arizasi asosida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Muallif arizasida Yunusobod tumani prokuraturasi katta tergovchisi Sh.Sh. tomonidan “B.H.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilish uchun pul mablagʻlari talab qilgani aytilgan.

Ushbu ariza asosida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Sh.Sh. ariza muallifidan kelishilgan 40 ming AQSh dollarini olib, jinoiy taʼqibdan qutulish maqsadida nomaʼlum tomonga yashiringan (40 ming AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan).

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Sh.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan.


Oʻtgan yildagi jamoatchilikka maʼlum boʻlgan va koʻplab muhokamalarga olib kelgan ayrim jinoiy ishlarning taqdirlari shunday. Koʻrib turganingizdek, aybdorlar tegishlicha jazolarini olgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+