"Titanik" halokatida tirik qolgan yoʻlovchi maktubi rekord narxda sotildi
Maktub 1912 yil 10 aprel sanasi bilan boshlanadi.

"Titanik" halokatidan omon qolgan kishining maktubi auksionda 300 ming yevroga sotildi va rekord oʻrnatdi.
Tarixiy maktubni amerikalik kolleksioner xarid qilgani maʼlum qilindi. Biroq uning shaxsi toʻliq ochiqlanmadi.
Tarixiy buyum joriy yilning 26 aprel kuni Angliyaning Uiltshir grafligining Devizes shahridagi "Henry Aldridge and Son auksion uyida kutilgan narx — 60 ming yevrodan besh baravar yuqori bahoga sotildi.
"Titanik" kemasining birinchi toifa yoʻlovchisi, polkovnik Archibald Greysi tomonidan yozilgan "Titanik haqidagi haqiqat" nomli maktubi 300 ming yevroga xarid qilindi. Maʼlumki, mazkur fojia oqibatida 1 500 kishi halok boʻlgan.
Maktub uning bortga chiqqan sanasi — 1912 yil 10 aprel bilan boshlanadi. Hujjatga 11 aprel kuni soat 15:45 da Kuinstaunda (hozirgi Kork, Irlandiya) va 12 aprel kuni Londonda pochta tamgʻasi bosilgan.
Greysi oʻz maktubida: "Bu kema juda ajoyib, biroq uni safarni yakunlagandan keyin baholayman", — deb yozgan.