Prezident Toshkentda oʻtayotgan xalqaro koʻrgazmaga tashrif buyurdi
Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrdan ziyod. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan "INNOPROM. Markaziy Osiyo" beshinchi xalqaro sanoat koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.
Koʻrgazma “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida oʻtkazilmoqda. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrdan ziyod. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.
Koʻrgazmada mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT va boshqa tarmoqlardagi yetakchi korxonalarning texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.
Pavilonlar va ekspozitsiyalarni koʻzdan kechirish chogʻida davlatimiz rahbari iqtisodiy kooperatsiya uchun katta salohiyat va yangi biznes gʻoyalar ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini alohida taʼkidladi.
Forum yangi yirik loyihalarni ilgari surishga surʼat bagʻishlashi, uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Prezidentimizga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻtgan yil may oyida Rossiya Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tovar ayirboshlashning oʻsish surʼati saqlanib qolmoqda, ikki mamlakat hududlarini faol jalb etgan holda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya loyihalari va dasturlarini ilgari surish, shu jumladan "Innoprom" forumi doirasida oʻzaro muvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini va faol gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jadal muloqotlarni davom ettirish, neft-gaz, kimyo, transport, turizm va boshqa sohalarda, shu jumladan Oʻzbekiston hududlaridagi sanoat zonalari doirasida qoʻshma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.
"Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan suhbatda tinch atom sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Qishloq xoʻjaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qoʻllash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari davra suhbatida ishtirok etdi. Unda ikki mamlakat hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarni taqdimot qildilar.