Oʻzbekiston qarzlari: asosiy kreditorlar kim, pul nimalarga sarflanyapti?
Pinkod Oʻzbekiston davlat qarzi qayerdan olinayotgani va uning sarflanishi boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etdi.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil davomida Oʻzbekistonning davlat qarzi 2023 yilga nisbatan $5,27 mlrdga oshib, $40,19 mlrdni tashkil etdi. Ushbu oʻsishning asosiy qismi tashqi qarz hisobiga toʻgʻri kelib, uning hajmi $33,72 mlrdga yetdi. Ichki qarz esa yil davomida $1,19 mlrdga ortib, $6,47 mlrdni tashkil qildi.
Oʻzbekistonning asosiy kreditorlari kimlar?
Hozirgi kunda Oʻzbekiston davlat tashqi qarzining $19,1 mlrd qismi xalqaro moliyaviy tashkilotlardan jalb qilingan. Asosiy kreditorlar quyidagilar:
Jahon banki – $7,64 mlrd
Osiyo taraqqiyot banki – $7,41 mlrd
Osiyo infratuzilma investitsiya banki (AIIB) – $1,65 mlrd
Islom taraqqiyot banki – $0,9 mlrd
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (IMF) – $0,7 mlrd
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) – $0,3 mlrd
Tashqi qarzning $10,44 mlrdi xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari orqali jalb etilgan. Jumladan:
Xitoy taraqqiyot banki va Eksimbank – $3,76 mlrd
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) – $2,88 mlrd
Fransiya taraqqiyot agentligi – $977 mln
Koreya Eksimbanki va Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi – $740 mln
Germaniya davlat banki (KfW) – $415 mln
Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi – $139 mln
Ispaniya davlat banki – $66 mln
Boshqa manbalar – $1,45 mlrd
Qarzdorlik mablagʻlari qaysi sohalarga yoʻnaltirilgan?
Oʻzbekiston davlat qarzining taqsimoti quyidagicha:
45% ($15,29 mlrd) — Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash
17% ($5,74 mlrd) — Yoqilgʻi-energetika sanoati
9% ($2,91 mlrd) — Qishloq va suv xoʻjaligi
8% ($2,85 mlrd) — Uy-joy kommunal xoʻjaligi
8% ($2,85 mlrd) — Transport va transport infratuzilmasi
7% ($2,4 mlrd) — Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari
2% ($841 mln) — Tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash
2% ($764 mlln) — Kimyo sanoati
Maʼlumot uchun, yuqoridagi raqamlar faqat davlat tomonidan olingan tashqi qarzga tegishlidir. Agar xususiy sektor jalb qilgan tashqi qarzlar ham inobatga olinsa, Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 64,1 milliard dollarni tashkil etadi.