Pigmalion effekti – kutilmalar kelajakni qanday oʻzgartiradi?
“Men hech kimman, odamlarga yoqmayman, ishlarim baribir natija bermaydi”, deya oʻz kuchiga ishonmay yuradigan odamlarda rostan ham natija shunday boʻladi. Bunday odam goʻyoki oʻzi istamagan holda kelajak uchun salbiy natijani maqsad qilib qoʻyadi va unga erishadi.

Hayotimizda gʻalati, tushuntirish qiyin boʻlgan hodisalar koʻp uchraydi. Masalan, yosh bolaga doim “sen hech baloga yaramaysan, katta boʻlsang, biror muvaffaqiyatga erishmaysan” deyilaversa, u rostan ham katta boʻlgach, “itning keyingi oyogʻiga” aylanishi mumkin.
Yoki avtomobilda doʻkonga chiqyapsiz. “Borsam, doʻkon oldida avtombilni qoʻyish uchun boʻsh joy qolmagandir. Ancha ovora boʻlaman”, desangiz, rostan bu “bashorat” amalga oshadi – joy yoʻq boʻladi. Lekin “bugun albatta falon niyatimga erishaman” deb yoʻlga chiqsangiz, u ijobat boʻladi.
Buni oʻzbek xalqida “injiq odamning ishi ham injiq boʻladi” deyishadi baʼzan. Aytaylik, muzlatgich sotib olmoqchisiz. “Olsam-u, buzuq chiqsa-chi yoki 1 oy oʻtar-oʻtmas buzilib qolsa-chi”, deya oldindan koʻngli xira boʻlgan odamning bu xavotiri ijobat boʻladi koʻpincha. Hayotdan hamma narsadan kir qidiraveradigan, yomon shubha-gumonli odam ham ayni xavotir olgan va qoʻrqqan narsasiga albatta duch keladi, osh yesa ham oldidan tosh chiqaveradi. “Kengga – keng dunyo, torga – tor dunyo” deb xalqimiz bejiz aytmagan. Yuragi keng, mayda-chuydalarga ahamiyat bermaydigan odamning ishi doim yurishadi, muammolar va koʻngilxiraliklarga deyarli duch kelmaydi...
Bunday psixologik effekt nomini Pigmalion yoxud Rozental effekti deb atashadi. Shuningdek, oʻz-oʻzini roʻbga chiqaradigan (oqlaydigan) bashorat (fol) ham deyishadi.
Buni tush yoʻyishda ham kuzatish mumkin. Masalan, bir odam tushida qora qargʻa koʻrsa-yu, taʼbirini soʻrasa va unga “qargʻa yaxshilikka emas, biror falokat roʻy bersa kerak”, deyishsa, uning yuragi xijil boʻlib, parishonxotir boʻlib, rostan ham biror falokatga yoʻliqishi mumkin. Ammo unga “qargʻa – uzoq umr koʻradigan qush, demak umring uzoq boʻlarkan” deyishsa, u koʻngli koʻtarilib yuradi, hamma ishlarida yaxshi natija oladi.
Bu nima – ajoyib ichki sezgimi yoki oliy kuchlardan ishorami, yoki ilm-fan nuqtai nazaridan tushuntirib boʻladigan hodisami?
Pigmalion effektining mohiyati
Pigmalion effekti – bu shunday psixologik fenomenki, u kishining boshqa bir shaxs haqidagi notoʻgʻri qarashlari natijasida vujudga keladi. Bir inson boshqa insondan maʼlum bir tarzda xulq-atvor kutadi va aynan oʻsha natija roʻyobga chiqishi uchun oʻzini shunday tutadi.
Boshqacha aytganda, bu – “Rozental effekti” yoki “oʻz-oʻzini oqlaydigan bashorat” deb ham ataladi.
Pigmalion effekti – bu shunday holatki, inson qandaydir natijani (ijobiy yoki salbiy) kutsa va u sodir boʻlsa – bu uning oldindan bilib qoʻygani uchun emas, balki aynan oʻsha natija roʻyobga chiqishi uchun oʻzi qandaydir harakatlar qilgani sababli roʻy beradi.
Inson oʻz kutilmalarini amalga oshirish uchun ongsiz ravishda harakat qiladi va natijada voqealarni aynan shu yoʻnalishga burib yuboradi.
Bu fenomen koʻp yillardan beri psixolog olimlarni qiziqtirib keladi. Inson oʻz harakatlarini vaziyatga moslashtirib, natijani oldindan “biladi” deb oʻylaydi.
Buni kundalik hayotimizda odamlarning oʻzlariga past baho berishlarida ham koʻrish mumkin. “Men hech kimman, odamlarga yoqmayman, ishlarim baribir natija bermaydi”, deya oʻz kuchiga ishonmay yuradigan odamlarda rostan ham natija shunday boʻladi. Bunday odam goʻyoki oʻzi istamagan holda kelajak uchun salbiy natijani maqsad qilib qoʻyadi va unga erishadi.
Atama tarixidan
Pigmalion effektining nomi qadimgi yunon shoiri Ovidiyning "Metamorfozlar" sheʼrining 10-bobida tasvirlangan, xuddi shu nomdagi qadimgi yunon qahramoni afsonasidan olingan. Pigmalion oʻzining yagona va haqiqiy muhabbati – sanʼat ekaniga ishongan haykaltarosh boʻlgan. Bir kuni u goʻzal qizning haykalini yasagan va unga oʻzi oshiq boʻlib qolgan.

Yevropada bu effektni birinchi Robert Rozental aniqlagan va tavsiflab bergani uchun uni “Rozental effekti” deb ham atashadi.
Maʼlumki, 1965 yilda AQShda psixolog Robert Rozental (1933-2023) hamkasbi Lenor Jekobson bilan birga qiziqarli tajriba oʻtkazadi. Ular oʻquv yili boshida bir necha bolani tavakkal tanlab olib, oʻqituvchilarga u bolalarning IQ darajasi yuqori ekanini aytdilar. Aslida esa mazkur bolalar tasodifan tanlangan boʻlib, ular boshqalardan farq qilmasdi.

Oʻquv yili tugagach, bu bolalarni qayta imtihon qilishadi va haqiqatan ham ular yuqori natijalar koʻrsatishgani maʼlum boʻldi. Nega bunday boʻldi?
Chunki oʻqituvchilar “avtomatik ravishda” ularni ustun deb hisoblab, ularga nisbatan ilhomlantiruvchi, ijobiy munosabatda boʻlishgan. Aynan shu bolalarga koʻproq eʼtibor berishgan, muammolariga ijodiy yondashishgan. Ulardan yuqori natija kutishgan – va ongsiz ravishda ularni muvaffaqiyat sari yetaklashgan.
Rozental va Yakobson bu fenomenni qadimgi yunon afsonasidagi Pigmalion nomli haykaltarosh sharafiga “Pigmalion effekti” deb atashgan. Ular oʻtkazgan tajriba esa “Sinfdagi Pigmalion” deb nomlangan.

Pigmalion effekti qanday ishlaydi?
Pigmalion effekti quyidagicha kechadi:
1. Inson muayyan vaziyatda muayyan natija boʻlishiga ishonadi (masalan, salbiy).
2. U oʻzini ongsiz ravishda shunday tutadiki, voqea aynan shu natija bilan yakun topadi.
3. Voqeaning natijasiga taʼsir etuvchi odamlarning harakatlarini u bir tomonlama, murosasiz baholaydi.
4. Natijada uning kutilmalari roʻyobga chiqadi va u “Qarang, bari men aytgandek boʻldi!”, deydi.
Avvaliga bunday natijani koʻrsatuvchi hech qanday asos boʻlmasligi mumkin edi. Ammo insonning oʻzi oʻzining ongsiz harakatlari bilan voqealar rivojini ayni shu yoʻlga yoʻnaltirdi, Va “kutilmasi” amalga oshgach, kelajagini oldindan bashorat qildim, deb oʻylab qoladi.
Shu bois qoʻrqmasdan shunday xulosa chiqarsak boʻladi: kutilmalar – haqiqatni oʻzgartirishi mumkin.
Oʻz-oʻzini oqlaydigan bashoratning bolalarda roʻyobga chiqishi
Agar ota-onalar yoki oʻqituvchilar bolani “sen aqllisan”, “yaxshi oʻqiysan” deb maqtashsa, u rostdan ham yaxshi oʻqiy boshlaydi. Ammo agar bolani “sen toʻnkasan”, “hech narsa chiqmaydi”, deb hisoblashsa, u oʻqishda muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
Bolalar kattalarning soʻzlariga juda sezgir boʻlishadi. Shu bois, ularni nafaqat oʻqishda, balki butun hayotda ham muvaffaqiyat yoki magʻlubiyat sari “dasturlash” mumkin. Koʻp hollarda, bolalar katta boʻlganlarida ham ota-onasi tomonidan yuklangan salbiy “dastur”ni amalga oshirishda davom etishadi.
Rozental effektini namoyon qiluvchi boshqa tadqiqotlar:
1. “Sichqon motivatsiyasi” tajribasi – odamlar qanday natija kutishsa, sichqonlar ham shunga yarasha harakat qilgan.
Yaʼni, oʻtkazilgan tajribada ikki guruhga ajratilgan sichqonlardan bir guruhi “intellektual”, aqlli deb, ikkinchi guruhi esa oddiy taʼriflangan. Ilmiy xodimlarga shunday deyishgan: “Bu sichqonlar aqlliroq, muvaffaqiyatliroq boʻladi”. Aslida esa ikki guruhdagi sichqonlar bir xil edi. Ammo xodimlar "aqlli" deb aytilgan sichqonlarga yaxshi munosabatda, mehribonroq boʻlishgan,ularga ishonch bilan qarashgan. Natijada, aynan shu guruhdagi sichqonlar turli aqliy vazifalarni tezroq bajara olgan.
Bu tajriba odamlardagi kutilmalar hayvonlarning ham, insonlarning ham xatti-harakatiga taʼsir qilishi mumkinligini koʻrsatadi
2. “Dasturlangan yoqimlilik” tajribasi – odamlar kimni yaxshi deb bilsalar, u shunga mos ravishda oʻzini tutadi.
Yaʼni, bu tajribada talaba yoki xodim guruhlari ishtirok etgan. Masalan, ilmiy rahbar yoki ustoz guruhdagi baʼzi odamlar haqida oldindan shunday xulosa beradi: “Bu shaxs juda iqtidorli, yaxshi muloqotchi, yetakchilik salohiyati bor”. Aslida u shaxs boshqalardan umuman farq qilmaydi. Lekin guruh aʼzolari unga shu taʼrifga mos munosabatda boʻlishadi: unga koʻproq eʼtibor qaratishadi, koʻproq gaplashishadi, maslahat soʻrashadi, fikriga quloq tutishadi, uning gaplarini diqqat bilan eshitib, jiddiy qabul qilishadi. Bu munosabat orqali u shaxs haqiqatdan ham faolroq, oʻziga ishonchliroq, “yoqimliroq” shaxsga aylanadi. Bu holat ichki ilhom va ijtimoiy qayta aloqalar asosida rivojlanadi. Tashqi muhitdagi kutilmalar insonning oʻzini qanday tutishiga taʼsir qiladi.
Buni sanʼat va sport yulduzlari misolida ham koʻrish mumkin. Bu yulduzlar avvaliga faqat bir sohada mutaxassis boʻlishgan. Falasafiy mushohada yuritishmagan. Biroq muxlislar ularni ideal va mukammal odam deb tasavvur qilib, shunga xos muomala qilishavergach, ular shu munosabat va “bashoratga” munosib odam boʻlishga intilishadi. Keyin vaqt oʻtib qarasangiz, ular rostan ham har tomonlama rivojlangan shaxs ekanliklarini namoyon qilishadi. Yoki muxlislarga shunday boʻlib tuyulishadi.
Masalan, bokschi boʻlsa-da, hayotda oʻta aqlli va insoniy qarorlar qabul qilgan va suhbat hamda intervyularida oʻta aqlli va falsafiy fikrlari bilan nom qoldirgan Muhammad Ali ham shunday “oʻzini roʻyobga chiqargan”.
Buni turli tarixiy yetakchilar misolida koʻrish mumkin. Agar biror shaxsni siyosiy elitaga chiqarib qoʻyib, “biz senga ishonamiz, bizni toʻgʻri yoʻlga boshla” desangiz, koʻpincha u bunday ishonchni oqlaydi. Avvaliga shoumen boʻlib, keyin yetuk liderlarga aylangan Ukrainaning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan bunga misol boʻladi.
3. Isroil armiyasidagi tajriba – harbiylar haqidagi fikrlar ularning natijalariga taʼsir qilgan.
Yaʼni, Isroil armiyasida kursantlar (tinglovchi, yaʼni tayyorgarlik oʻtayotgan harbiylar) tajribaga jalb qilingan. Ilmiy rahbarlar instruktorlarga (oʻqituvchi serjantlarga) “Bu kursantlar orasida ayrimlari oʻta iqtidorli, yetakchilik qobiliyatiga ega”, deyishgan.
Aslida esa hamma kursantlar deyarli bir xil darajada boʻlgan. Ammo instruktorlar oʻzlariga aytib qoʻyilgan “iqtidorlilar”ga koʻproq eʼtibor berishgan, ishonch bilan yondashishgan, qoʻshimcha motivatsiya berishgan.
Tajriba oxirida aynan shu “iqtidorli deb hisoblangan” kursantlar yaxshiroq natijalar koʻrsatgan, faol va ishonchli boʻlib shakllangan.
Shu asosda rahbarlarni oʻqitishda ham bu effekt hisobga olinadi: xodim yoki shogird haqidagi ishonch – uning kelajakda qanday inson boʻlib shakllanishini belgilab beradi.
4. “Rozenxan” tajribasi – bu Devid Rozenxan (1929-2012) tomonidan 1973 yilda oʻtkazilgan tajriba boʻlib, “Sogʻlom aql jinnixonada” (On Being Sane in Insane Places) nomli tadqiqot asosida fanga maʼlum. Garchi bu tajriba boshqa bir psixologik effektni tushuntirish uchun amalga oshirilgan boʻlsa-da, uning natijasi Pigmaloin effektini tushunishga yordam beradi.
Xullas, shifokor Rozenxan va uning hamkorlari – hammasi aqli sogʻlom insonlar – oʻzlarini “haqiqiy bemor” sifatida turli psixiatriya kasalxonalariga joʻnatishadi. Ular tekshiruvchi shifokorga faqat bitta shikoyatni aytishadi: “men ovozlar eshityapman”, deyishadi xolos. Qolgan hamma javoblari toʻgʻri, oʻz hayoti haqida rost gapirishadi.
Natijada, bu olimlarning hammasi shizofreniya yoki boshqa ogʻir ruhiy kasalliklar bilan tashxislanadi va baʼzilari bir necha hafta ruhiy xastaliklar shifoxonasida qolishga majbur boʻladi. Qizigʻi shundaki, shifokorlar ularni haqiqiy bemor deb oʻylashadi, ammo shifoxonadagi baʼzi haqiqiy bemorlar esa “siz shifokor yoki jurnalistga oʻxshaysiz”, deb ularni fosh qila boshlaydi.

Keyingi bosqichda Rozenxan oʻz tajribasini ommaga fosh qiladi. Bundan hayratlangan bir kasalxona jamoasi unga shunday deydi: “Keling, yana bir sinab koʻring. Bu safar biz albatta sogʻlomlarni taniy olamiz.”
Rozenxan rozi boʻladi, lekin aslida hech kimni joʻnatmaydi. Shunga qaramay, kasalxona xodimlari keyingi haftalarda yangi va haqiqiy (!) bemorlar orasida 40 dan ortiq “shubhali” sogʻlom inson bor deb xabar berishadi.
Bu tajriba ruhiy sohaga kuchli taʼsir qilgan, tashxisga nisbatan ishonchsizlik va insonni stereotiplar orqali baholash xavfini ochib bergan.

Bir psixiat olim boshqa hamkasblarining patsiyentlarga qanchalik toʻgʻri tashxis qoʻyishini aniqlamoqchi boʻladi. Shu maqsadda hamkasblari tanimaydigan psixiatr shifokorlarni ular oldiga “bemor” sifatida joʻnatishadi. Sinalayotgan hamkasblariga esa “bugun sizning oldingizga haqiqiy ruhiy kasallar blorishadi” deb shipshitib qoʻyishadi.
Rozenxan tajribasi Pigmalion effektining teskarisiga oʻxshaydi, yaʼni bu tajribada negativ kutilma (odam yomon, kasal, notoʻgʻri) – oʻzini oqlagan. Bu holatga baʼzan "notsebo effekt" – salbiy kutishlarning insonga salbiy taʼsiri, deb ham aytiladi.
Rozental effektining oʻziga xos jihatlari
Robert Rozental ushbu fenomenni oʻrganar ekan, quyidagi muhim xulosalarga keldi:
- inson qay darajada natijaga ishonsa, u shuncha taʼsir koʻrsatadi;
- eksperimentchi va ishtirokchi tanish boʻlsa, effekt kuchliroq namoyon boʻladi;
- inson bir fikrga ishonsa, u faqat uning foydasiga dalil izlaydi, qarshi fikrlarni eʼtiborsiz qoldiradi;
- ayollar ushbu effektga koʻproq moyil boʻlishadi.
Rozental shunday xulosaga kelgan: “pigmalion effekti” turli psixologik tadqiqotlar natijasiga taʼsir koʻrsatadi. Tajribaning oʻziga, baholash jarayoniga va natijalarni qayd etishga ham taʼsir etadi. Tadqiqotchi baʼzan natijalarning oʻrtacha qiymatini olishga yoki umumlashtirishga urinadi yoxud oʻz nazariyasiga mos kelmagan maʼlumotlarni chetga uloqtiradi.
Agar olim ushbu effekt mavjudligini bilsa, uning taʼsiridan qochishga harakat qiladi – bu esa boshqa yoʻnalishda yanglishuvlarga olib kelishi mumkin.
Masalan, biror tadqiqotchi smartfonda oʻyin oʻynashning zarari haqida tadqiqot oʻtkazayotgan boʻlsa va u Pigmalion effekti taʼsiriga tushib qolsa, faqat oʻz ishonchiga mos keladigan, yaʼni bunday oʻyinlar zararini koʻrsatuvchi dalillarni yigʻadi. Qolgan dalillarni, garchi ular mantiqan va ilm-fan jihatidan kuchliroq, ahamiyatliroq boʻlsa-da, eʼtiborsiz qoldiradi.
Yoki biror inson biror mashhur shaxsni yomon koʻrsa, goʻyo u guvoh boʻlayotgan va eshitayotgan maʼlumotlarning barchasi shu mashhurning yomonligini isbotlayotgandek tuyuladi.
Yoki boʻlmasam, qaynona kelinini yomon koʻrsa, u nima ish qilsa, hattoki buyurilmasa-da choy damlab kelib, massaj qilib qoʻysa ham qaynonaga yoqmaydi, shundan-da bir yomonlik qidiradi. “Biror aybi bordirki, menga laganbardorlik qilyapti” degan xayolga boradi va battar yomon koʻrib qoladi. Buni xalqimizda “oʻtirsa – oʻpoq, tursa -soʻpoq” deb taʼriflashadi.
Yoki ayrim odamlar boshqalarning barcha harakatlari va soʻzlaridan faqat salbiy maʼno-maqsad izlashadi va “topishadi” ham, yaʼni doim yomon gumonda boʻlishadi. Shu bois islom dinida “yaxshi gumonda boʻling” deb buyurilgan.
Pigmalion effektidan qanday foydalanish mumkin?
Bu effekt mohiyatini toʻgʻri anglash – inson hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Eng muhimi – “oʻzini roʻyobga chiqaruvchi bashorat” ham ijobiy, ham salbiy natijalarga olib kelishi mumkin.
Agar inson biror ishi albatta muvaffaqiyatli boʻladi, deb ishonsa, u bunga erishish uchun bor kuchini ishga soladi. Ammo agar u oldindanoq “bu ish baribir “oʻxshamaydi” deb ishonsa, u holda yetarlicha harakat qilmasligi ehtimoldan xoli emas.
Insonning ichki ishonchi – ijobiy yoki salbiy – uning xulq-atvorini va qarorlarini shakllantiradi. Shu sababli yaxshi natijaga erishmoqchi boʻlsangiz, avvalo bunga astoydil ishonishingiz va oʻz kutilmangizni ijobiy yoʻnalishda shakllantirishingiz kerak.
Pigmaloin effekti borasidagi muhokamani quyidagi bir rivoyat yakunlay oladi:
Qadim zamonlarda bir qishloqda yashovchilar orasida bir avliyo kishi boʻlgan ekan. U duo qilsa, duosi oʻtar ekan. Bir yili oʻta qattiq qurgʻoqchilik shu qavmni qiyin ahvolga solib qoʻyibdi. Oylab yomgʻir yogʻmabdi. Qishloq ahli oʻsha avliyodan “xudodan bizga yomgʻir soʻrab bering”, deyishibdi. Avliyo hammani yigʻib, sahroga olib chiqibdi. “Birgalikda yomgʻir soʻrab, iltijo qilamiz” debdi.
Sahroda hamma yigʻilib, marosim boshlashini kutib oʻtirishsa, avliyoning koʻzi bir yosh bolaga tushibdi. Issiq kuchli boʻlgani uchun hamma sahroga bitta koʻylak kiyib kelishgan boʻlsa-da, oʻsha yosh bola boshiga jundan toʻqilgan qalin yomgʻirpoʻsh tashlab olgan emish. Avliyo boladan “shu issiqda nega jun yomgʻirpoʻsh koʻtarib kelding” deb soʻrabdi. Shunda bola javob bergan ekan. “Xudodan yomgʻir soʻrasak, yomgʻir sharros quyib yuboradi-ku, ivib qolmay deb yomgʻirpoʻsh olib keldim-da!”
Shunda avliyo yigʻlab, qavmiga aytgan ekan: “Agar hammangizda ishonch va eʼtiqod, ixlos va iymon shu boladagi kabi kuchli boʻlganida, Xudodan soʻraydigan duolaringiz albatta ijobat boʻlishiga avvalo oʻzingiz qatʼiy ishonganingizda, sahroga chiqishimizga ham hojat qolmas edi”.
Abulfayz Sayidasqarov