Hindiston va Pokiston qurolli kuchlari oʻrtasida toʻqnashuv yuz berdi
Qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi ziddiyat Kashmirda sayyohlarga qilingan terroristik hujumdan soʻng yuzaga kelgan.

Hindiston va Pokiston qurolli kuchlari tunda bir-biriga hujum qildi. Bu haqda Hindiston armiyasi 27 aprel kuni bergan bayonotida maʼlum qildi.
Qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi ziddiyat Kashmirda sayyohlarga qilingan terroristik hujumdan soʻng yuzaga keldi.
Pokiston axborot vaziri Atoulloh Tarar kecha bergan intervyusida Pokiston Hindistonning bosimlariga tayyor ekanini bildirdi.
Eron esa ikki davlatni yarashtirish niyatida. Eron tashqi ishlar vaziri Said Abbos Arakchi Islomobod va Dehlidagi Eron vakolatxonalaridan qiyin vaziyatda ikki davlat oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.
“Hindiston va Pokiston aka-uka qoʻshnilar kabidir. Ular asrlar davomida shakllangan madaniy va sivilizatsion aloqalarni tiklashi lozim”, — deya ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi u.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Pokiston va Hindiston oʻrtasidagi ziddiyatli munosabatlar har doim boʻlganini, bu masalani oʻzlari hal qilib olishlariga ishonishini bildirib, holatga shaxsan aralashmasligini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, Pokiston va Hindiston chegarada joylashgan Kashmir hududi uchun kurashmoqda. Ikkala davlat ham Kashmirni oʻz hududi deb hisoblaydi.