Investitsiya va tashqi savdo vazirligi huzuridagi markaz sobiq direktori jazoga tortildi
U shartnomalar boʻyicha vositachilik yigʻimlarini undirish choralarini koʻrmasdan davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan.

2025 yil 2 aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayhontohur tumani sudida "Raqamli Transformatsiya Markazi" davlat korxonasi direktori lavozimida ishlagan shasxga oid ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi Sh.S. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 2022 yilgi buyrugʻiga asosan vazirlik qoshidagi "Raqamli Transformatsiya Markazi" davlat korxonasi direktori lavozimiga tayinlangan. MChJning elektron kooperatsiya portalida roʻyxatdan oʻtgan shartnomalar boʻyicha buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning har biridan bitim summasining 0,1 foizi miqdorida operatorning vositachilik yigʻimlari ushlab qolinishi belgilangan.
Sh.S. «cooperation.uz» elektron kooperatsiya portali va yangi versiyadagi «new.cooperation.uz» elektron dasturiy taʼminotidan roʻyxatdan oʻtgan ayrim shartnomalar boʻyicha buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning har biridan 2022 yilda 4.676.983.933,37 soʻmlik va 2023 yilda 7.105.292.111,09 soʻmlik, ushbu davrda jami 11.782.276.044,40 soʻm miqdoridagi vositachilik yigʻimlarini belgilangan tartibda ushlab qolish yoki ularni undirish choralarini koʻrmasdan, davlatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.
Bundan tashqari Sh.S. bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, ularga asossiz xizmat haqi toʻlab, jami 280.840.700 soʻmlik juda koʻp miqdordagi mablagʻlarini rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Yana bir holatda u «Shartnomalar vamemorandumlar imzolash zonalari va V2 zonalari»ni jihozlash, ochilish va yopilish arosimlari uchun sahnani joylashtirish va tadbirni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa harajatlar Toshkent shahar hokimligi zimmasiga yuklatilgan boʻlsada, mazkur tadbirni tashkillashtirish va uni oʻtkazish uchun bilan bogʻliq harajatlar uchun YaTT «T.D.A»ga jami 191.700.000 soʻm miqdoridagi mablagʻlarni oʻtkazib, davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.
Sudda sudlanuvchi Sh.S aybiga toʻliq iqror ekanligini bildirdi.
Yakuniy sud hukmiga Sh.S. ikki yil muddatga moddiy javobgar shaxs va rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 297 baravari miqdorida 100.980.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.