AOKA matbuot kotiblari faoliyatini baholadi
Investitsiya vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Toshkent shahar va Andijon viloyati hokimliklari past natija qayd etgan.

AOKA tashkilotlar matbuot kotiblari faoliyati samaradorligini baholadi.
Baholash natijalariga koʻra,
- markaziy tashkilotlar yoʻnalishida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Markaziy bank, Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud;
- vazirliklar yoʻnalishida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Raqamli texnologiyalar, Sogʻliqni saqlash, Togʻ-kon sanoati va geologiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Energetika vazirliklari;
- qoʻmitalar yoʻnalishida Soliq, Bojxona, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, Milliy statistika, Milliy olimpiya qoʻmitasi;
- agentliklar yoʻnalishida “Oʻzarxiv”, Yoshlar ishlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, Kadastr, Texnik jihatdan tartibga solish agentliklari;
- inspeksiyalar yoʻnalishida Transport nazorati inspeksiyasi;
- aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar yoʻnalishida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekneftegaz” AJ, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbektelekom” AK, “Uzbekistan Airways” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ;
- uyushmalar yoʻnalishida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi;
- mahalliy davlat hokimiyati organlari yoʻnalishida Samarqand, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Jizzax, Surxondaryo viloyati hokimliklari yuqori natija koʻrsatishgan.
Biroq, oʻrganishlar qator yoʻnalishda kamchiliklar borligi koʻrsatdi. Masalan, kadrlar qoʻnimsizligi tufayli Adliya vazirligi faoliyatida pasayish kuzatilgan. Vaholanki reytingda soʻnggi 5 yil ichida doimiy ravishda yuqori natija qayd etib kelayotgan yagona tashkilot bu ushbu vazirlik edi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot tadbirlari tashkil etish, onlayn efirga uzatish, matbuot tadbirlarida rahbarlarning ishtiroki masalalarda sustkashlikka yoʻl qoʻygan.
Matbuot tadbirlarida rahbariyat ishtirokini taʼminlashda respublika hayotida muhim oʻringa ega bir qancha vazirliklar ham oqsayotganini kuzatish mumkin. Tahlillarga koʻra, 25 foiz tadbirlarda birinchi rahbar, yaʼni vazir, qoʻmita raisi, agentlik direktori ishtirok etmoqda, 50 foizi esa rahbariyat ishtirokisiz, boshqarma va boʻlim boshliqlari ishtirokida oʻtgan.
Shuningdek, baholash natijalari tahliliga koʻra, aksariyat axborot xizmati rahbarlari video formatida rasmiy bayonot berish boʻyicha past koʻrsatkich qayd etgan. Xususan, quyidagi matbuot kotiblari OAV yoki oʻz resurslari orqali video formatda bayonot bermagan - Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, “Asakabank” AJ, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ. Aslida matbuot kotibining keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarga tashkilot yuzi sifatida tanilishi muhim ahamiyatga ega.
Tahlillar ayrim axborot xizmati rahbari tomonidan haligacha ijtimoiy tarmoqlarda onlayn efirlarni tashkil qilish masalasida oqsayotganini koʻrsatmoqda. Aslida bugungi kunda “Facebook”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga chiqish uchun hech qanday qoʻshimcha uskuna yoki ishchi kuchi talab etilmasligi oddiy haqiqat.
Shu bilan birga, baholashdagi sohaga doir muammolarni birinchi manba sifatida olib chiqish (oʻzini oʻzi tanqid qila olish) yoʻnalishi deyarli barcha tashkilotlar tomonidan toʻliq bajarilmagan. Biroq, bugun barcha tizimlarda muammo va kamchiliklar oz emasligi yaxshi maʼlum. Shunday ekan tizimdagi muammolarni birinchi boʻlib olib chiqish va hal qilish axborot xizmati uchun muhim vazifa boʻlib qolaveradi.
Baholash mezonida alohida eʼtibor qaratilgan yoʻnalishlardan yana biri – OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan tanqidiy materiallarga axborot xizmatining rasmiy munosabatini bildirish holatidir. Respublika boʻyicha umumiy hisobda tanqidga javob berish koʻrsatkichi sezilarli darajada oʻsgan.
Afsuski, 2024 yil yakunlariga koʻra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, “Turonbank” ATB, “Oʻzenergosotish” AJ, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Toshkent shahar va Andijon viloyati hokimligi mavjud imkoniyatlar boʻlishiga qaramasdan eng past natijalarni qayd etishdi.
Bundan tashqari respublikamizdagi mavjud 208 ta shahar-tuman hokimliklaridan 189 tasining axborot xizmati rahbarlari faoliyati ham baholanib, unga koʻra:
- 25 nafar matbuot kotibi (13,2%)ning ish natijalari yuqori, 104 nafari (55,0%)niki oʻrta darajada baholangan boʻlsa, 55 nafari (29,1%)niki qoniqarli, 5 nafari (2,7%)ning faoliyati past darajada deb topildi.
- Xonobod, Gʻozgʻon, Margʻilon, Quvasoy, Ohangaron, Olmaliq shahri va Jalaquduq, Izboskan, Qoʻrgʻontepa, Marhamat, Sharof Rashidov, Zafarobod, Xatirchi, Toyloq, Furqat, Quva, Fargʻona, Toshloq, Ohangaron tuman hokimliklarida axborot xizmati vakant yoki tayinlanganiga 6 oydan kamroq vaqt boʻlgani sababli baholanmadi.