platina.uz
Siyosat

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston "Chashma" bulogʻidan foydalanish boʻyicha kelishib oldi

Bosh vazir Abdulla Aripov Qirgʻiziston davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston "Chashma" bulogʻidan foydalanish boʻyicha kelishib oldi

Oʻzbekiston hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.

24 aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari – Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi Qamchibek Toshiyev raisligida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha ikki hukumat delegatsiyalarining navbatdagi qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, unda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasi loyiha chizigʻining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan oʻtishi toʻgʻrisidagi Bayonnoma ham tasdiqlandi.

Tomonlar “Chashma” bulogʻi Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi xalqlarining umumiy boyligi ekani alohida taʼkidlanib, Oʻzbekiston fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va toʻsiqsiz foydalanishi, oʻzbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini taʼminlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakatlarni oʻzbek tomoni bilan muvofiqlashtirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, tomonlar doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulogʻidan toʻlaqonli foydalanishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yoʻl qoʻymaslikka kelishib oldi.

Tomonlar Oʻzbekiston qisqa muddat ichida Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisida bitim hamda ikki davlat chegarasi uchastkasi toʻgʻrisida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi.

Muzokaralar davomida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasi orqali ayrim oʻtkazish punktlarning holati va ish tartibi boʻyicha umumiy pozitsiyalar ham kelishib olindi. Oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasi orqali fuqarolarning qatnovi va yuk tashishlarini sezilarli darajada yengillashtirishga yordam berayotgan oʻtkazish punktlari boʻyicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan oʻtkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi.

Ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004 yildagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasidagi oʻtkazish punktlari toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etildi.

Tomonlar tez orada ikki mamlakat vakolatli organlari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining uchrashuvini oʻtkazishga kelishib oldi.

Qabul qilingan qarorlar ikki qardosh davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasini doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, tinchlik va hamjihatlik chegarasiga aylantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga toʻla mos keladi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha tegishli Bayonnoma imzolandi.

Uchrashuv amaliy va doʻstona ruhda oʻtgani qayd etilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid