platina.uz
Iqtisod

Kredit garovi boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirdi

Yangi imzolangan qonun bilan 4 ta qonunga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi.

Kredit garovi boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirdi

22 aprel kuni “Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi.

Unga asosan kreditorlarning garovdagi mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash, kreditorlar talablarini suddan tashqari tartibda qondirish tizimini rivojlantirish, majburiyatlarni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, ushbu qonunda Fuqarolik kodeksiga, “Garov toʻgʻrisida”gi, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunlariga quyidagi oʻzgrtirish va qoʻshimchalar kiritildi:

  • Kredit qarzdorligi miqdori juda arzimas boʻlganda undiruv garov mulkiga qaratilmasligi qonunchilikda koʻrsatilgan boʻlsa-da, uning miqdori aniq belgilanmaganligi sababli bu norma amaliyotda turlicha talqin etilib kelinmoqda edi. Shu sababli, qonun bilan kredit qarzdorligi summasi garov qiymatining 15 foizidan kam boʻlsa hamda kredit toʻlovini kechiktirish ketma-ket 3 oydan kam boʻlsa, undiruv garov mulkiga qaratilmasligi belgilanmoqda.
  • Qonun bilan taraflarning roziligi mavjud boʻlgan hollarda, undiruvni garovdagi mulkka qaratishni sudning ishtirokisiz amalga oshirish mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu qonunga qadar esa kreditdan qarzdorlikni qoplash uchun garovdagi mulkni sotishga qarzdor va uchinchi shaxslar (masalan, turmush oʻrtogʻi) rozilik bergan taqdirda ham undiruv sud tartibida hal etilishi shart edi.
  • Shuningdek, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunga kreditdan qarzdorlikni undirish garov mulkiga qaratilganda, mulk auksionga bozor qiymatida qoʻyilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa bank va qarzdorlarning ortiqcha ovoragarchiligini, undiruv muddati asossiz choʻzilishini va ortiqcha sud xarajatlarining oldini oladi.
  • Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorlikni garov hisobidan undirish boʻyicha ishlar yuridik shaxsni iqtisodiy sud tomonidan bankrot deb topilganida hamda unga nisbattan tugatish ishini yuritish jarayonida ham davom ettirilishi nazarda tutilmoqda.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid