"Dubay shokoladi" tarkibida xavfli bakteriyalar aniqlandi
Mahsulotning tashqi koʻrinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi maʼlum qilingan.

“Fix dessert chocolatier” savdo brendi ostidagi shokolad mahsuloti ustidan nazorat tadbiri amalga oshirildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan “Ekobozor”ning Beruniy filiali savdo nuqtalarida sotilayotgan “Fix dessert chocolatier” brendi ostidagi Dubay shokolad mahsulotlari ustidan nazorat xaridi amalga oshirildi.
Tanlab olingan mahsulotlar sifat koʻrsatkichlarini aniqlash maqsadida “OʻzTest” DM sinov laboratoriyasiga topshirildi.
Bayonnoma natijalariga koʻra quyidagi nomuvofiqliklar aniqlandi:
— Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburugʻlarning yuqori darajadagi mavjudligi;
— Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va “Salmonella 25 g” bakteriyasining mavjudligi, bu esa meʼyoriy hujjatlarda qatʼiyan taqiqlangan;
— Bunday koʻrsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli boʻlib, ayniqsa allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, mahsulotning tashqi koʻrinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Xususan, UZTR.490-022:2017-sonli “Oziq-ovqat mahsulotini tamgʻalash yuzasidan xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.