XVJ Oʻzbekiston iqtisodiyoti boʻyicha hisobotini eʼlon qildi
Jamgʻarma mamlakatda inflyatsiyaning pasayishini taxmin qilmoqda va iqtisodiy oʻsish 6 foiz darajasida saqlanib qolishi kutilyapti.

XVJ Oʻzbekistonning 2024 yildagi iqtisodiy faoliyati natijalari boʻyicha soʻnggi hisobotida fiskal barqarorlik, tashqi savdo va davlat siyosatini modernizatsiya qilish sohalarida erishilgan yutuqlarni qayd etib oʻtdi.
Oʻzbekistonda barqaror ichki talab iqtisodiyotining yuqori oʻsish (2024 yilda YaIM +6,5 foizga oʻsdi) templarining asosiy omili boʻlib qolmoqda. XVJ inflyatsiyaning pasayishini kutmoqda va iqtisodiy oʻsish 6% darajasida saqlanib qolishi kutilyapti.
Energetikada subsidiyalarini qisqartirish va ijtimoiy xarajatlarning maqsadliligini takomillashtirish kelgusi islohotlarning asosi boʻlib qolishi lozimligi takidlangan.
XVJ kuchli byudjet intizomi natijasida, taqchillikning YaIMning 3 foizi darajasida ushlab turish va tashqi qarz chegaralariga amal qilinayotganligini ijobiy baholaydi.
Shuningdek, 2025-2030 yillarga moʻljallangan Davlat moliyasini boshqarish strategiyasini joriy etish boʻyicha qadamlar kelgusida ijobiy natija berishi kutilmoqda.
Kelgusida daromadlarni oshirish maqsadida soliq-bojxona imtiyozlarini optimallashtirish, yashirin iqtisodiyot bilan kurash, pensiya tizimini isloh qilish va davlat qoʻllab-quvvatlashini unifikatsiyalash kabi islohotlarga ustuvorlik berilishi aytib oʻtilgan.
XVJ Oʻzbekiston Markaziy bankini inflyatsiya bosimiga javoban asosiy stavkani oshirish va monetar siyosat boʻyicha aloqalarini yaxshilashga qaratilgan harakatlarini yuqori baholadi.
Inflyatsiya belgilangan darajaga (5 foiz) yetguncha qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirish, bosqichma-bosqich moslashuvchan almashinuv kursiga oʻtish va davlat banklarining xususiylashtirish dasturini davom ettirish qoʻllab quvvatlanadi.
Yutuqlar qatoriga 2023-2024 yillarda kredit oʻsishini sekinlashtirgan makroprudensial choralar va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslari kiradi.
XVJ Oʻzbekistonning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyati, jumladan, JSTga kirish yoʻlidagi yutuqlarni, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mintaqalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilish va Korrupsiyaga qarshi virtual akademiyaning tashkil etilishini yuqori baholadi.
Institutsional oʻzgarishlar tezlashishi, mehnat bozoridagi islohotlar (shu jumladan, ayollar bandligini oshirish), norasmiy sektor ulushini kamaytirish va inson kapitalini oshirish boʻyicha islohotlarni izchil davom ettirish kutilmoqda.
Shuningdek, energiya tariflarini isloh qilishni yakunlash, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash, oʻrmonlarni tiklash va statistika tizimini takomillashtirish davlat boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligi va barqarorligini mustahkamlaydi.
XVJ maslahatlashuvlari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy surʼatlarini tasdiqlab, soliq-byudjet va pul-kredit siyosatida intizomni saqlash, tarkibiy islohotlarni kuchaytirish boʻyicha xarakatlarni davom ettirishni qoʻllab quvvatlaydi.