Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara oʻtkazdi
Oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Joriy yil Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumi oʻtkaziladi.

24 aprel kuni "Silk Road Samarkand" majmuasining Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Uchrashuv avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Koʻp qirrali hamkorlik barcha yoʻnalishlarda, shu jumladan siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda samarali muloqot olib borilmoqda. Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, madaniyat kunlari, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Poytaxtlarda savdo uylari ochilib, yuk tashish hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida oʻzaro manfaatli kooperatsiya rivojlanmoqda. Birgalikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda.
Faol hududlararo muloqotlar yoʻlga qoʻyilgan, madaniy-gumanitar almashinuv boʻyicha katta dasturlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini hamda Oʻzbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini oʻtkazishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklikka doir masalalar, shu jumladan "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi boʻlajak sammitlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan fikr almashdilar.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan eʼlon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida oʻtkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisiga uning qalamiga mansub "Tafakkur gavhari" kitobining oʻzbek tilidagi nusxasini topshirdi.