Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari Toshkentda uchrashdi
Unda mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish va boshqa muammolar muhokama qilingan.

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati oʻqib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshma yondashuvlar va taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida asosiy eʼtibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.
Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy jinoyatchilik, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohalaridagi dolzarb masalalarni hamda oʻzaro manfaatli boshqa hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻlib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi, deyiladi xabarda.