Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi
Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi oʻsuvchi trendga oʻtib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi.

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi.
Soʻnggi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini koʻrsatmoqda.
Yalpi talab va taklif oʻrtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklarning kuchayib borishi bilan bogʻliq xatarlar pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy, joriy darajasida saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi oʻsuvchi trendga oʻtib, mart oyida yillik 10,3 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda, bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etib, yillik 8,1 foizga yetdi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 12 iyun kuniga belgilangan.