Yahudiy talabalar Trampning yonini olmoqda
21 aprel kuni Harvard rasmiy ravishda Tramp maʼmuriyatiga qarshi sudga murojaat qildi. Universitet Oq uyni oʻz qarorlariga aralashishda va konstitutsiyaviy huquqlarni poymol qilishda aybladi.

Harvard universitetining yahudiy talabalari prezident Donald Trampning sudga berilganiga izoh berdi.
Harvard universiteti prezident Donald Tramp maʼmuriyatini moliyalashtirishni toʻxtatgani uchun sudga bergach, universitetning yahudiy talabalari va sobiq bitiruvchilari bunga munosabat bildirdi. Ular universitetning harakatini qoralab, antisemitizm muammosini hal qilishga jiddiy eʼtibor qaratishi lozimligini taʼkidladilar.
Maʼlumot uchun, AQSh hukumati murosaga bormaydigan oliygohlarni moliyalashtirishdan bosh tortadi. Bungacha, Obama maʼmuriyati ham bir necha marta maktablarga nisbatan moliyaviy choralarni qoʻllagan edi.
“Trampning bu harakati oliy taʼlimga xavf solmaydi. Agar Harvard AQSh byudjetidan ajratiladigan mablagʻni olishni istasa, qonunlarga boʻysunishi kerak,” — dedi Harvard talabasi Shabbos Kestenbaum Fox Newsʼga.
Kestenbaumning aytishicha, u universitetni sudga bergan, chunki oliygoh antisemitik holatlarni bartaraf eta olmagan va unga tahdid soluvchi vaziyatlarni eʼtiborsiz qoldirgan.
Eslatib oʻtamiz, Harvardning sobiq prezidenti Klodin Gey 2024 yil yanvar oyida lavozimidan ozod etilgan edi. U yahudiylarga qarshi genotsidga chaqiriqlar universitet axloq kodeksiga zid emasligini bildirganidan soʻng keng jamoatchilik tanqidiga uchragan.
2025 yil 11 aprel kuni Tramp maʼmuriyatida antisemitizmga qarshi kurash boʻyicha vakil Shon Keveney Harvardga rasmiy xat yuborgan edi. Unda universitetda antisemitizm, irqchilik va diskriminatsiyaga qarshi kurashish choralari koʻrilishi lozimligi qayd etilgan.
Harvard Tramp tomonidan ilgari surilgan talablarni rad etganidan soʻng, maʼmuriyat 2,2 milliard dollarlik mablagʻni muzlatib qoʻyishi va universitetga soliq solinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
2025 yil 21 aprel kuni Harvard rasmiy ravishda Tramp maʼmuriyatiga qarshi sudga murojaat qildi. Universitet Oq uyni oʻz mustaqilligini buzishda, qarorlariga aralashishda va konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilishda aybladi.
“Bunday hukumat aralashuvi jiddiy va uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi. Tramp siyosati tufayli saraton bilan kasallangan bolalarni davolashga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar, shuningdek, saratonning tanada qanday tarqalishini oʻrganishga qaratilgan ilmiy ishlar xavf ostida qoldi,” — dedi Harvard prezidenti Alan Garber.
Universitetning ikkinchi bosqichida tahsil olayotgan yahudiy talabalardan biri Tramp maʼmuriyatining moliyalashtirishni toʻxtatish qaroriga qoʻshilmasligini, biroq Harvard universiteti ham antisemitizm va Isroilga qarshi kayfiyatlarga chek qoʻyishi lozimligini taʼkidladi.
Isroillik tadbirkor Matan Yaffe 2022 yilda Harvardning Kennedi maktabida tahsil olgan boʻlib, universitetda haqiqatdan ham antisemitik va Isroilga qarshi boʻlgan qarashlar borligini, professor oʻqituvchilar va sinfdoshlari bilan munosabatlarda bu kabi holatlar kuzatilganini iddao qildi va Tramp maʼmuriyatining qarori qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.