Oʻzbekistonda ilk bor yomgʻir yogʻdirish texnologiyasi joriy etildi
Ushbu amaliyot Navoiy viloyatining Konimex tumanida qoʻllanilgan.

Oʻzbekistonda ilk marta yomgʻir yogʻdirish texnologiyasi joriy etildi.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida ekologik va qishloq xoʻjaligi sohalarida muhim ahamiyatga ega boʻlgan innovatsion loyiha amalga oshirildi.
Uzoq yillar davomida tumanda yogʻingarchilikning kamligi, qurgʻoqchilik va suv tanqisligi chorvachilikning rivojlanishiga jiddiy toʻsiq boʻlib kelayotgan edi.
Mazkur muammoni hal etish maqsadida tuman hokimi Ruslan Roʻzayev tashabbusi bilan birinchi bor tumanga yogʻingarchilikni sunʼiy ravishda yuzaga keltiruvchi zamonaviy apparat olib kelindi.
Ushbu apparat orqali atmosferadagi tabiiy jarayonlarga taʼsir koʻrsatib, bulut hosil qilish va yomgʻir yogʻdirish imkoni yaratiladi.
Bu texnologiya Oʻzbekistonda ilk marta qoʻllanilayotgan boʻlib, uning asosiy maqsadi – qurgʻoqchilikka qarshi samarali kurash va yaylovlar holatini yaxshilashdir.
Loyiha Qozogʻistonning “International Centre of Climate Change Technologies” (ICCT) kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda bu innovatsiya suv manbalariga bogʻliqlikni kamaytiradi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshadi hamda chorvachilik va dehqonchilik sohalaridagi ishlab chiqarish hajmini oshirishi mumkin.