platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar: Pasxa orolidagi gʻalati haykallar

Bu faqat sirli haykallar emas, balki sivilizatsiyadan uzilgan, biroq oʻzining ilmiy, ijtimoiy va texnik imkoniyatlarini rivojlantira olgan bir xalq tarixi.

Ochilmagan sirlar: Pasxa orolidagi gʻalati haykallar

Agar siz gadjetlarda nimadir yozayotgan boʻlsangiz, ehtimol, quyidagi emodjidan foydalangansiz:

Aytgancha, bu emodji 2023 yili Internetda eng koʻp ishlatilgan 20 ta emodji safiga kirgan (13-oʻrin).

Bu emodji Pasxa orolidagi uslublashtirilgan but haykal koʻrinishida. Uni odatda sayohatlar haqidagi suhbatlarda qoʻllashadi. Biroq baʼzida odamlar bu belgini ahmoqlik yoki shafqatsizlik ramzi sifatida talqin qiladilar. Aslida esa bu emodji noaniqlik yoki yengil tanqidni anglatadi. Baʼzan esa u "toshdek yuz" yoki "poker yuz" (poker face) kayfiyatini ifodalaydi.

Pasxa orolining moai butlari 2006 yilda katta ekranlarga chiqqan “Muzeydagi tun” Hollivud filmidagi antropomorfizm usulbida tasvirlangan “Dam-dam” personaji orqali keng ommalashgan va katta ehtimol bilan emodjilarga koʻchib oʻtgan.

Qiziq jihati, bu emodji haqiqiy tarixiy-geografik prototipga ega.

Pasxa orolidagi sirli haykallar

Tinch okeanining janubi-sharqiy qismida joylashgan Pasxa oroli – dunyodagi eng olis joylashgan quruqlik qismlaridan biri hisoblanadi. Orolning maydoni katta emas: uni piyoda bir kunda aylanib chiqish mumkin.

Pasxa oroli jahon xaritasida (geografik koordinatalari: 27.12°S 109.35°W)

Orol florasi kambagʻal, hayvon turlari ham juda xilma-xil emas, aholisi esa 5000 nafardan oshmaydi. Shunga qaramay, u butun dunyoga oʻzining gʻaroyib yodgorliklari – yerdan goʻyoki oʻsib chiqqan ulkan tosh boshli haykal butlari, yaʼni moailar bilan mashhur.

Maydoni jami 163 kv km boʻlgan bu kichik Polineziya orolida 1000 dan ortiq monolit haykal bor, ularning uzunligi 3-5 metrdan 10-12 metrgacha yetadi. Barchasi XI-XVI asrlarda, yaʼni yevropaliklar orolga birinchi marta kelganidan ancha oldin, mahalliy aholi tomonidan yasalgan.

Sirli “moai”lar kim yoki nima?

Pasxa oroli haykallari – bu jahlli qiyofadagi tosh butlar boʻlib, ularning mohiyati borasida olimlar ilk kashfiyotlaridan buyon tortishib kelishadi. “Moai” – “but”, “sanam” degan maʼnoni anglatadi. Har bir but vulqon toshidan, oʻxshash andozada yasalgan: toʻgʻri va uzun burun, pastga choʻzilib turgan quloqlar, tanasida qoʻllar bitta chiziq bilan ifoda qilingan, chehrasi esa oʻta jiddiy. Ayrimlari astronomik aniqlikda oʻrnatilgan – masalan, bahor yoki kuz kun-tun tengligi payti quyosh botadigan nuqtaga qaratib oʻrnatilgan.

Moai haykallarining oʻrtacha boʻyi 3-5 metrni tashkil etadi, ayrimlari esa 10-12 metrgacha yetib, 10 tonnadan ortiq vaznga ega. Har tomondan sivilizatsiyadan uzilgan bu mahalliy aholi nega va qanday qilib orolning shundoq ham cheklangan resurslarini bunday ulkan monolitlar yasash va ularni kilometrlab masofalarga tashish uchun sarflagani olimlar uchun uzoq vaqt muammo boʻlib kelgan. Biroq bu masala keyingi yillarda sekin-asta oydinlasha boshladi.

Mahalliy aholi hayoti va turmushi

Rapanui yoki rapanuichilar – Pasxa orolining mahalliy aholisi hisoblanadi. Dunyodan uzilgan bu kichik quruqlik boʻlagida oʻz alohida sivilizatsiyasi boʻlgan – ular rongo-rongo deb ataluvchi yozuvga ega edilar. Bu yozuvni lingvistlar hanuzgacha toʻliq oʻqishga muvaffaq boʻlishgani yoʻq.

Rapanuichilar guruhi, Pasxa oroli, 1919 yil.

Ehtimol dastlabki koʻchmanchilar hozirgi Polineziya hududidan kelgan va oʻzlari bilan birga oʻsimlik urugʻlarini ham olib kelishgan. Bu omil keyinchalik rapanuichilarning dehqonchiligida hal qiluvchi rol oʻynagan, chunki taxminan milodiy IX asrga kelib, oʻrmonlar maydoni keskin kamaygan va vulqon tuprogʻida esa koʻp narsa oʻsmas edi. Aborigenlar asosan toshbaqa, polineziya kalamushi, mollyuskalar va baliqlar bilan oziqlanishgan – hatto baliq ovlash uchun sayqallangan toshdan maxsus ilmoqlar ham yasaganlar. Bu esa orol aholisi ancha taraqqiy etganini koʻrsatadi.

Inson son toʻngʻich suyagidan yasalgan qadimiy ilmoq – “mangai ivi”.
Kanoe va rapanuichilar tasviri. Blondel, 1786 yil.

Ov, dehqonchilik va sevimli boshliq uchun mehnat qilish orol aholisining asosiy mashgʻuloti boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan ular ikki guruhga boʻlinib ketishdi: bir qismi amalan bepul ishchi kuchi sifatida foydalanilgan, ikkinchisi esa oʻzini zodagon deb eʼlon qilgan va buni kaltak orqali “tenglik” tarafdorlariga “tushuntirib qoʻyishgan”. Zodagonlar tabaqasi goʻzallik ramzi sifatida quloq yupqalarini uzun qilib choʻzgan – shuning uchun ularni “uzunquloqlar” deb atashgan. Moai haykallarini barpo etish tashabbusi ham aynan ularga tegishli boʻlgan, “qisqaquloqlar” esa vulqon yaqinidagi karerlarda haykallarni oʻyganlar.

Rapanuichilarning anʼanaviy raqsi. 2000 yil.

Tayyor haykal xuddi ogʻir shkafni koʻchirgandek, uyoqdan buyoqqa chayqatib, tebratib harakatlantirilgan va haykal maxsus gʻishtsimon toʻsiqlar bilan barpo qilingan yoʻllardan “osongina yurgan”. Bunda hech qanday sehr-jodu yoki ruhoniylar aralashuvi kerak boʻlmagan. Keyinroq oroldagi tinchlik buzildi va haykallarni yasash toʻxtadi: ayrimlari karerlarda tayyor boʻlmay qoldi.

“Sivilizatsiya neʼmatlari”

Pasxa oroli 1722 yili rasman ochilgan. Gollandiyalik sayohatchi admiral Yakob Roggeven ertalab, Pasxa bayramida, kemasida turib, olisda quruqlikni koʻrib qoladi. U orolga Masihiy bayrami – Pasxa nomini qoʻyadi.

Qoʻlida qurol bilan “doʻstona munosabat”ni koʻrsatgan holda orolga tushgan gollandlar tosh haykallarni koʻrib hayratga tushgan. Keyingi taqdir esa orolni qator “sivilizatsiya” neʼmatlari bilan taʼminladi: Ispaniyaning hududiy daʼvosi, qulchilik, kolonizatorlar oroldagilarga yuqtirgan chechak epidemiyasi, majburan nasroniy diniga kiritish, Chili tomonidan bosib olinish va baʼzi moailarni Yevropa muzeylariga olib ketish – shular jumlasidandir.

Aynan Chilining bosib olishi orolliklar uchun eng ogʻir zarba boʻldi – ular oʻz madaniy meroslaridan ayrila boshladi. Aksariyat rapanuichilar halok boʻldi, ammo ularning bir qismi avlod qoldira oldi. Hozirgi kunda orolda ham chililiklar, ham rapanuilarning avlodlari yashamoqda.

Pasxa orolining haykallari inson zehni va muhandislik tafakkuri yodgorligi boʻlib, bugungi kunda ham asosiy turistik diqqatga sazovor obʼekt hisoblanadi. Dunyoning turli joylaridan sayyohlar kelib, bu haykallarni oʻz koʻzi bilan koʻrishni va ularni hozirgi ilmiy nuqtai nazardan izohlashga urinib koʻrishni xohlashadi.

Butlar nima maqsadga xizmat qilgan?

Olimlar koʻp yillar davomida tosh butlar – moailarni yasashning maqsadi haqida turli taxminlar bildirishgan, biroq yaqin-yaqingacha ularning hech biri ilmiy tasdiqlanmagan yoki rad etilmagan.

Keyinroq Jo Anna Van Tilberg boshchiligidagi amerikalik arxeologlar jamoasi shunday xulosaga kelishdi: moailarni barpo etishdan maqsad – mahalliy tuproq hosildorligini oshirish boʻlgan.

Qadimgi rapanuichilar moailarni shunchaki madaniy yoki diniy timsol sifatida emas, balki dehqonchilikni yaxshilash maqsadida yasagan. Olimlar moai haykallari tayyorlangan bazalt tosh tarkibini oʻrganib, ushbu nazariyani tasdiqlashga muvaffaq boʻldilar.

Qanday qilib?

Jamoaga geoarxeolog va tuproqshunos Sara Shervud ham yordam bergan. Ular vulqon – Rano Rarakuning sharqiy qismida joylashgan karerdagi ikkita butni puxta oʻrganishdi.

Maʼlum boʻlishicha, oroldagi barcha moailarning 95 foizi aynan shu yerdan olingan, garchi vulqon orol yuzasining 1 foiziga ham toʻgʻri kelmasa-da.

“Kimyoviy tahlil natijalarini olganimda koʻzlarimga ishonmadim, – deydi Shervud. – U yerda kalsiy va fosfor miqdori juda yuqori edi. Bu moddalar dehqonchilikda juda muhim va hosildorlik uchun zarur hisoblanadi”.

Shu sababli olimlar vulqonning kattagina qismi nafaqat tosh manbai, balki yerlarning hosildorligini oshirish uchun juda muhim omil boʻlganini tasdiqladilar.

Hamon sirli, biroq tushunishga yaqin

Pasxa orolidagi moai haykallari asrlar davomida insoniyatni hayratga solib kelgan. Bu gigant tosh butlar nafaqat tarixiy va madaniy meros sifatida, balki insonning atrof-muhitga moslashuv qobiliyatining ramzi oʻlaroq qadrlanadi. Ilmiy tadqiqotlar natijasida aniqlanishicha, rapanuy xalqining bu haykallarni yaratishdan maqsadi faqat diniy yoki estetik emas – balki amaliy, iqtisodiy jihatdan ham ahamiyatli boʻlgan.

Chunki bazalt toshlari bilan boyitilgan yerlar dehqonchilik uchun ayniqsa mos kelgan va buni zamonaviy geoximiya ham tasdiqladi. Demak, moai haykallari qadimgi insoniyatning tabiatni kuzatish, uni oʻrganish va undan oqilona foydalanishda qanday darajada ilgʻor boʻlganini namoyon etmoqda. Mazkur tosh butlarni yasash va oʻrnatishdan maqsad haqidagi haqiqatga yaqinroq taxmin shu boʻlsa kerak.

Pasxa oroli – bu faqat sirli haykallar emas. Bu – sivilizatsiyadan uzilgan, biroq oʻzining ilmiy, ijtimoiy va texnik imkoniyatlarini rivojlantira olgan bir xalq tarixi. Rapanuilar hayoti, ularning yozuvi, dehqonchiligi va iyerarxik jamiyati shunchaki arxeologik manzara emas – balki insoniyatning kamtar, biroq unutilmas sahifasidir.

Bugungi kundagi tadqiqotlarning guvohlik berishicha, har qanday sir – yoritilishi mumkin boʻlgan hodisadir. Pasxa oroli va uning moai haykallari hamon oʻrganish va ilmiy izlanish uchun ochiq boʻlgan jonli hamda tabiiy sahifa sifatida qolaveradi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid