Kashmirda terrorchilik hujumi oqibatida 20 nafardan oshiq kishi halok boʻldi
Shavkat Mirziyoyev ushbu voqea sabab Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga taʼziya yoʻlladi.

Kashmirdagi mashhur Pahalgam togʻ kurorti hududida qurollangan shaxslar bir guruh sayyohlarga qarata oʻt ochdi, deb yozadi AFP.
Voqea asosiy yoʻllardan uzoqda joylashgan baland Baysaron hududida sodir boʻlgan. Bu joy "mahalliy Shveysariya" deb ataladi va koʻpincha Bollivud filmlari uchun maydon sifatida ishlatiladi. U yerga faqat piyoda yoki otda borish mumkin.
Fojia guvohi, mahalliy gid Vohidning aytishicha, u oʻq ovozlarini eshitib, jabrlanganlarga yordam berishga shoshilgan. U otida bir qancha yaradorlarni evakuatsiya qildi.
Mahalliy OAV kamida 20 kishi halok boʻlgani haqida xabar bermoqda, biroq aniq raqamlarga aniqlik kiritilmoqda.
Indian Express nashrining yozishicha, otishma ikki yoki uch kishi tomonidan amalga oshirilgan. "Kashmir qarshilik guruhi" hujum uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga oldi va ijtimoiy tarmoqlarda mintaqadagi demografik oʻzgarishlarga qarshi ekanini eʼlon qildi. Jangarilar kelajakda Kashmirda "noqonuniy joylashuvchi"larga qarshi zoʻravonlik qoʻllash bilan tahdid qilgan.
Bu 2025 yilda sayyohlarga qilingan birinchi hujum. Avvalgi shunga oʻxshash hodisa 2024 yilning may oyida sodir boʻlgan, Pahalgamda ikki dam oluvchi jarohatlangan edi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi hujumni qoraladi va ichki ishlar vaziri Amit Shohga zudlik bilan mintaqaga uchib ketishni buyurdi. Fojia joyiga armiya va politsiya boʻlinmalari yuborilgan; sayyohlar evakuatsiya qilinmoqda, jangarilarni qoʻlga olish boʻyicha operatsiya davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kashmir hududida sodir boʻlgan terrorchilik harakati oqibatida koʻplab insonlar nobud boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga taʼziya yoʻlladi.
Davlat rahbari qurbonlarning oila aʼzolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga samimiy hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.