platina.uz
Jamiyat

Endi suv omborlari real vaqt rejimida nazorat qilinadi

Ushbu loyihani amalga oshirishda AQSh, Kanada, Angliya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoyning ilgʻor tajribasi oʻrganilgan.

Endi suv omborlari real vaqt rejimida nazorat qilinadi

“Oʻzbekgidroenergo” AJda GES va suv omborlari faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish va boshqarishga moʻljallangan yagona “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi.

Bugun Toshkent shahrida joylashgan “Oʻzbekgidroenergo” AJ maʼmuriy binosida markazning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda markaz xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Mazkur markaz orqali jamiyat tasarrufidagi 6 ta suv ombori va 80 dan ortiq katta-kichik GESlar real vaqt rejimida kuzatiladi va tahlil qilinadi. Suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularga zamonaviy datchiklar oʻrnatilib, olingan maʼlumotlar yuqori aniqlikda avtomatik tarzda uzatiladi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda AQSh, Kanada, Angliya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoyning ilgʻor tajribasi oʻrganilgan. Italiyaning SISGEO kompaniyasi tomonidan 1500 ga yaqin zamonaviy qurilmalar oʻrnatilgan boʻlib, ular yordamida gidrotexnika inshootlarining texnik holati va xavf darajasi inson omilisiz aniqlanadi va baholanadi. Shu tariqa real vaqtda xavfsizlik mezonlariga amal qilgan holda operativ choralar koʻriladi.

Bundan tashqari, Germaniyaning “Yer tadqiqotlari markazi”ning “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi doirasida MODSNOW dasturi joriy etilgan. Bu dastur orqali sunʼiy yoʻldoshdan olingan foto va video suratlar asosida qor zaxiralari katta aniqlikda hisoblanadi va monitoring qilinadi.

“Vaziyatlar markazi” nafaqat GESlar va suv omborlarining faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, balki elektr energiyasi ishlab chiqarish, gidroinshootlarning barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash, texnologik vaziyatlarni doimiy monitoring qilish hamda AKSUE tizimi bilan integratsiyani amalga oshiradi.

Markazda maʼlumotlar xavfsizligi ham toʻliq taʼminlangan. Buning uchun korporativ tarmoq, xavfsiz aloqa tizimi va zararli dasturlardan himoya mexanizmlari ishlab chiqilgan. Maʼlumotlarni qayta ishlovchi markaz (TsOD) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, barcha GES va suv omborlarida IP-telefoniya, 1000 dan ortiq yangi avlod videokameralari oʻrnatilib, ular orqali Vaziyatlar markaziga onlayn maʼlumotlar uzatish yoʻlga qoʻyilgan. Har qanday texnik nosozlik aniqlansa, markaz orqali zudlik bilan bartaraf etish imkoniyati yaratilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid