2030 yilgacha davlat korxonalari tashkil etishga moratoriy joriy etiladi
UzAuto Motors, UMS, issiqlik elektr stansiyalari kabi 29 ta yirik davlat korxonalari xalqaro ochiq savdolarga olib chiqiladi.

2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi belgilandi.
“2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni (PF-70-son, 21.04.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2025 yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
-30 trillion soʻmlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion soʻm tushumni taʼminlash;
-davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta koʻchmas mulk obʼektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish;
-dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarish.
Shuningdek, 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi.
Maydoni 10 ming metr kvadratgacha boʻlgan davlat mulki obʼektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga 5 yil muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlarga baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotiladi.
Boshlangʻich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qoʻllangandan keyin ham 1 yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador boʻlmagan koʻchmas mulk obʼektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.
Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi.
2030 yil qadar davlat ishtirokida korxona tashkil etishga moratoriy joriy qilindi.
UzAuto Motors, UMS, issiqlik elektr stansiyalari kabi 29 ta yirik davlat korxonalari xalqaro ochiq savdolarga olib chiqiladi.
Bu haqda "Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-145-son, 21.04.2025 y.) qabul qilindi.
29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketini (ulushlarni) nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb qilgan holda ommaviy savdolarga chiqariladi.
Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida:
- ijara shartnomasi tuzilgan kundan ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara toʻlovlari 1 oy davomida toʻlangan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi;
-6 oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan obʼektlarning boshlangʻich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlangʻich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda 1 ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
2025 yil 1 iyuldan Savdo-sanoat palatasining hududiy boʻlinmalariga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar koʻchmas mulk obʼektlarini sotish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi.
Tadbirkorlarni (jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarni) tugatish toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ xabardor qilingan sanadan ularning moliya-xoʻjalik faoliyati toʻxtatiladi hamda yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, shuningdek, barcha turdagi soliq va yigʻimlar boʻyicha penyalarni hisoblab yozish, dividendlar hisoblash taqiqlanadi.
2025 yil 1 oktabrdan egasiz koʻchmas mulk obʼektlarini davlat mulki obʼekti sifatida davlat roʻyxatiga olish boʻyicha murojaatlar tegishli sudga Davlat aktivlari agentligi tomonidan kiritiladi.