platina.uz
Jamiyat

“Qoniqarsiz” baholangan vazirlik, idora rahbarlari va hokimlar uchun shaxsiy javobgarlik belgilanadi

SSV, Qurilish, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi  xodimlari tayinlanadi.

“Qoniqarsiz” baholangan vazirlik, idora rahbarlari va hokimlar uchun shaxsiy javobgarlik belgilanadi

Prezidentning korrupsiya boʻyicha farmoni va qarori eʼlon qilindi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-71-son, 21.04.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning 2025 yil 5 martda oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga quyidagilar tavsiya etildi:

-har yili byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;

- vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida koʻrib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;

- xalqaro tajribani oʻrganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish boʻyicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;

- ishchi guruh tuzib “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi”da har oyning 1–5 sanalarida “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;

-hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish hamda xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Farmonga koʻra, Iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida:

-davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning oʻrtacha bozor narxi oʻrtasidagi tafovutning eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;

-2025 yilning 1 iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan oʻtkazish tartibi joriy etiladi;

-“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.

2025 yil yakunicha:

-xalqaro tender obʼektlari boʻyicha subpudratchilar “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilinadi;

-qiymati 2 mln AQSh dollarigacha boʻlgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar “Shaffof qurilish” tizimida oʻtkaziladi;

-xalqaro tenderlar boʻyicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini oʻz kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.

2026 yil 1 yanvargacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining oʻzi baholaydigan tizim joriy etiladi.

Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlari shaxsiy javobgarligi belgilanadi.

Sunʼiy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.

“Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari mustaqilligini taʼminlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-147-son, 21.04.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

- korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

- davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, raqamlashtirish, byurokratiyani qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

- idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va yakunlari boʻyicha aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bekor qilish boʻyicha taklif kiritish.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari oʻz faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga boʻysunadi va uning oldida hisobdor boʻladi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarini tashkil etishning minimal mezonlari tasdiqlandi.

Qarorga koʻra, 2027 yil 1 yanvargacha huquqiy eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:

- Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbari lavozimiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) xodimlari tayinlanadi;

- eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari bevosita Agentlikka boʻysunadi;

- eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish Agentlik hamda eksperiment oʻtkaziladigan tashkilotlar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy taʼminlash, ularning xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan oʻtkazish hamda malakasini oshirish boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

2025 yil 1 iyulgacha “E-anticor.uz” da ichki nazorat boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining elektron reyestrini yuritish, hisobotni elektron taqdim etish, anonim soʻrovnomalar oʻtkazib eʼlon qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid