platina.uz
Jamiyat

Namangan viloyati "GAI" shahar hokimiga jarimalarni toʻlash kerakligini eslatdi

Avvalroq shahar hokimi viloyat YHXBdan "noqonuniy" radarlardan jarimalarni oʻchirishni soʻrab, xat yozgan edi.

Namangan viloyati "GAI" shahar hokimiga jarimalarni toʻlash kerakligini eslatdi

Namangan viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi Namangan shahar va yana bir qator tuman hokimliklariga tegishli mashinalar qayd etgan qoidabuzarliklar va ulardan tushgan jarimalarni undirishda yordam soʻrab xat yozgan.

Bu xat Namangan shahar hokimining radarlardan jarimalarni oʻchirib, faqat xavfsizlik maqsadida foydalanish kerakligi haqidagi xatiga javob oʻlaroq yozilgan.

Aslida nima boʻlgan?

Namangan shahar hokimi Anvar Otaxoʻjayev 12 aprel kuni Namangan viloyati IIB YHXB boshligʻi Mansur Gaziyevga xat yozib, hududdagi qoidaga zid oʻrnatilgan radarlarni olib tashlashni soʻragan. Xatda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻrnatilgan kameralarning “jarima yozishi” norozilik kayfiyati ortishiga sabab boʻlayotgani koʻrsatilgan.

Shuningdek, bino-inshootlarning tom qismlari, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi yoritish tayanchlariga belgilangan meʼyorlarga zid ravishda oʻrnatilgan fotoradarlar tomonidan jarimalarning qoʻllanishi oqibatida shahar fuqarolariga moddiy va maʼnaviy zarar keltirayotgani ham bildirilgan.

Hokim oʻz xatida Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid ravishda oʻrnatilgan kameralarni KAAT tizimidan oʻchirish hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qoʻllash ishlarini toʻxtatishni soʻragan. Radarlardan faqat xavfsizlik maqsadida foydalanish kerakligini eslatgan.

Oʻz navbatida viloyat YHXB ham 22 aprelda javob xati yozgan. Unda Namangan shahridagi 3 ta chorraha va 5 ta toʻgʻri yoʻl uchastkasiga tadbirkorlar, 6 ta chorraha va 5 ta toʻgʻri yoʻl uchastkasiga viloyat hokimligi tomonidan radarlar oʻrnatilgani koʻrsatilgan.

Ushbu qurilmalar inson xavfsizligini ishonchli himoya qilish va oʻlim holatlarini keskin kamaytirishga xizmat qilayotgani bildirilgan.

Shuningdek, YHXB xatida aytilishicha, shahar hokimligiga tegishli "Kaptiva" mashinasi oʻtgan va joriy yilda 47 ta qoidabuzarlik sodir etgan, 11 ta holatda salkam 8,2 mln soʻm muddati oʻtgan jarimasi borligi eslatilgan. Hokimlikning boshqa mashinalari esa jami 41 ta qoidabuzarlik boʻyicha 18,7 mln soʻmdan ortiq jarimalarni toʻlamagan.

Davlatobod va Yangi Namangan tumani hokimliklariga tegishli avtoulovlar jami 46 ta qoidabuzarlik uchun 16,3 mln soʻmdan ziyod jarimalarni toʻlamay kelayotgani yozilgan.

Viloyat YHXB oʻz xatida ushbu surunkali qoidabuzarliklarni hokimiyat yigʻilishida tanqidiy koʻrib chiqib, jarimalarni toʻlashda amaliy yordam berishni soʻragan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid