Haj va umra ziyoratlariga navbat raqamlashtiriladi
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.

“Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Farmonga muvofiq, fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida, 2025 yil 1 sentabrgacha “Haj va Umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Portalda:
-“Haj” tadbirlariga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda “Umra” tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron roʻyxati shakllantiriladi;
-“Haj” va “Umra” faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va rasmiylashtirish bilan bogʻliq jarayonlar raqamlashtiriladi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.
Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzurida Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari yoʻnalishlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga masʼul muassasa hisoblanadi.