Yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni reklama qilgan klinikaga nisbatan ish qoʻzgʻatildi
Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitalaridan tushuntirish va xulosalar olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh tuzish holatlari boʻyicha xususiy kilinika reklamasi tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqid qilingan.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi mazkur murojat yuzasidan maʼlumot berdi.
Qoʻmita tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda “Smart Genetics” MChJ klinikasi tomonidan joylashtirilgan videorolikda irsiy monogen kasalliklar va xromosoma abberatsiyasini aniqlash uchun aholini genetik tekshiruvidan keng foydalanishi uchun reklama bergani aniqlandi.
Xususan, unda turmush quruvchi yaqin qarindoshlar (opa-singil farzandlari) oʻrtasida oʻtgan genetik tekshiruv va uning ijobiy natijasi haqida maʼlumot berilgan.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan mazkur holatni toʻlaqonli oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitalaridan tushuntirish va xulosalar olindi.
Mazkur xulosalarga koʻra, yoshlar haqiqatan ham oʻndan ortiq laboratoriya tahlillaridan oʻtgani va belgilangan tugʻma hamda irsiy kasalliklarda patologik oʻzgarishlar ularda aniqlanmaganligi, ammo, bugungi kunda tibbiyotda oilada sogʻlom bola tugʻilishining 100 foiz kafolati boʻlgan universal genetik test mavjud emasligi, genetik laboratoriyada monogen irsiy kasalliklar boʻyicha bola tugʻilishi ehtimoli va sogʻlomlik prognozini aniqlash faqat malakali tibbiy genetiklar tomonidan amalga oshirilishi, tibbiy genetika sohasi mutaxassislari yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni qatʼiyan tavsiya etmasligi, ushbu holatlardan ogʻir irsiy kasalliklarga chalingan farzand tugʻilishi xavfi juda yuqori hisoblanishi maʼlum qilingan.
Oʻz oʻrnida, reklama roligida mutaxassislarning bu boradagi ilmiy va tibbiy maʼlumotlari keltirilmaganligi jamoatchilikda notoʻgʻri tasavvur shakllanishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi “Oila kodeksi”ning 57-moddasiga koʻra, qarindoshlik tugʻishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — toʻrtinchi darajasida turishi belgilab oʻtilgan.
Shuningdek, mazkur kodeksning 16-moddasida nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab oʻtilgan.
Raqobat qoʻmitasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunchilik talablarining buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda “Smart Genetics” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
Raqobat qoʻmitasi oʻz vakolati doirasida ommaviy axborot vositalarida joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama hamda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan muntazm ravishda oʻrganish va tahlil ishlari olib bormoqda.