Xitoy savdo urushi boʻyicha jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi
Donald Tramp administratsiyasi boshqa davlatlar bilan savdo kelishuvlarini tuzib, Xitoyni chetlab oʻtishga urinmoqda.

Xitoy boshqa davlatlarni savdo urushida mamlakatga qarshi chiqmaslikka ogohlantirdi.
Xitoy, agar boshqa davlatlar AQSh bilan savdo bitimlarini Xitoy manfaatlari hisobiga tuzsalar, ularga nisbatan javob choralarini koʻrishini va bu holat dunyo miqyosidagi aloqalarning chigallashuviga olib kelishini ogohlantirdi.
Xitoy savdo vazirligi AQSh prezidenti Donald Trampning administratsiyasi boshqa davlatlar bilan savdo kelishuvlarini tuzib, Xitoyni chetlab oʻtishni rejalashtirayotganini taʼkidladi va ularni Xitoyga qoʻshilish hamda bu kabi “zoʻravonlik”ka qarshi kurashishga chaqirdi.
“Xitoy manfaatlari evaziga AQSh bilan savdo aloqalarini oʻrnatayotgan har qanday davlatga qatʼiyan qarshi chiqamiz”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Tramp boshqa davlatlar bilan yangi boj tariflarini vaqtincha toʻxtatib turganidan soʻng, Xitoy Trampning savdo urushida markaziy masalaga aylangan edi.
Eslatib oʻtamiz, AQSh Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 145 foiz boj belgilagan boʻlsa, Xitoy bunga javoban 125 foiz boj toʻlovlarini joriy qilgan.
Tramp bir necha bor Xitoyni savdo urushining oldini olish boʻyicha muzokaralar olib borishga chaqirgan va Xitoy ham muzokaralarga ochiqligini bildirgan. Biroq, hozircha hech bir tomon yuqori darajadagi aloqalar haqida xabar bermagan.
The Wall StreetJournalʼning xabariga koʻra, oʻtgan hafta Tramp 70 dan ortiq davlatlarga Xitoy bilan savdo aloqalarini cheklash evaziga boj toʻlovlarini qisqartirish va savdo toʻsiqlarini olib tashlashni taklif qilgan.
Nashrga koʻra, Trampning asosiy maqsadi — Xitoyni bosim ostida qoldirib, AQSh bilan muzokara oʻtkazishga majbur qilishdir.
Xitoy yetakchisi Si Szinpin ham oʻtgan hafta Vetnam, Malayziya va Kambodjaga tashrif buyurib, ularning Xitoy bilan aloqalarini mustahkamlashga harakat qilgan.
Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari ham Trampning keskin boj tariflaridan zarar koʻrgan davlatlar sirasiga kiradi.
Xitoy Savdo vazirligi quyidagicha bayonot berdi: “Xitoy barcha tomonlarning AQSh bilan iqtisodiy va savdo masalalarini teng huquqli maslahatlashuv orqali hal qilish huquqini hurmat qiladi. Shu bilan birga, agar boshqa davlatlar Xitoy manfaatlariga tajovuz qilsa, Xitoy oʻz huquqlarini himoya qilishga qodir”. Shuningdek, vazirlik: “Hamma davlatlar adolat va haqiqat tarafida turishi hamda xalqaro iqtisodiyot va savdo qoidalarini himoya qilishi lozim”, — deya qoʻshimcha qildi.