platina.uz
Jamiyat

Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinadi

Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh boʻladi. 

Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinadi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 aprel kuni maktab taʼlimi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangan. Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash boʻyicha koʻplab vazifalar qoʻyilgan.

Bu, koʻp jihatdan, oʻqituvchilarning bilim va malakasiga bogʻliq. Yurtimizda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohda pedagogika yoʻnalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.

Qabullarning katta qismini ijtimoiy yoʻnalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar boʻyicha pedagoglar tayyorlash juda kam. Talabalarning 40 foizi sirtqi taʼlimda oʻqiyapti.

Shu bois Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh boʻladi.

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida 40 dan ziyod chet ellik oʻqituvchilar va 30 nafar vatandosh ziyolilarimiz faoliyat yuritmoqda.

Talabalar oʻzlarining turli yoʻnalishlardagi loyihalariga jami 24,3 milliard soʻmlik grantlar jalb qilgan. Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.

Shuningdek, oliygohda ilm-fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida Germaniyaning ilgʻor tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Taʼlim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli oʻquvchining bilimi “PISA” xalqaro dasturi orqali baholanadi.

Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi oʻquvchi oʻrni tashkil etiladi. Aholi oʻsishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib boradi. Shu bois Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.

Tahlillarga koʻra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish boʻyicha muayyan ishlar olib borilayapti. Lekin, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga kuchli taʼsir koʻrsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.

Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni koʻpaytirish, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid