"Navoiysuvtaʼminot" xodimi pora olayotganda qoʻlga tushdi
Namanganda esa bir guruh shaxslar jami 1 mlrd 225 mln soʻmlik suvdan noqonuniy ravishda foydalangani aniqlangan.

"Oʻzsuvtaʼminot" AJ ichimlik va oqova suv tarmoqlaridagi qonunbuzarliklar yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Navoiy viloyati Karmana tumani boʻlimi tomonidan tekshiruv ishlari oʻtkazilgan. Unda "Navoiysuvtaʼminot" yuridik boʻlimi xodimi A.S.ga nisbatan xizmat vakolatiga kirmagan holda xususiy korxona rahbaridan 271 mln soʻmlik zararni bartaraf etish uchun 70 mln talab qilgan va pulni olayotganda qoʻlga tushgan.
Shuningdek, "Namangansuvtaʼminot" Kosonsoy tumani boʻlimida qator mansador shaxslar va tadbirkorlar sabab jamiyat manfaatiga mlrd soʻmlab zarar keltirilgan. Xususan, "Gradastroy invest 82" MChJ rahbari, "Namangansuvtaʼminot" Kosonsoy tumani boʻlimi sobiq rahbari va boshqalar oʻzaro til biriktirgan. Ular qum-shagʻal korxonasi uchun noqonuniy quvur oʻtkazib, suvdan foydalanib kelishgan. Natijada jami 1 mlrd 225 mln soʻmlik suvdan noqonuniy ravishda foydalanishgan. Shuningde, elektr uchun ajratilgan 58 mln soʻm pul rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.
Shuningdek, Namangan sport kompleksi tomonidan ham ichimlik suvi tarmogʻiga noqonuniy ulanish holati ham aniqlangan. Ushbu tashkilot suv taʼminoti tizimiga 350 mln soʻmlik zarar yetkazgan.
Hozirda yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan tergov olib borilmoqda.