Italiya bosh vaziri Oʻzbekistonga keladi
27 aprel kuni esa Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida "Italiya-Markaziy Osiyo sammiti" boʻlib oʻtadi.

Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Oʻzbekiston va Qozogʻistonga tashrif buyuradi.
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni 2025 yil 26–27 aprel kunlari Oʻzbekiston va Qozogʻistonga rasmiy tashrif buyuradi.
26 aprel kuni u Samarqand shahriga tashrif buyurishi, 27 aprel kuni esa Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Mazkur sammitdan koʻzlangan asosiy maqsad — Italiyaning Markaziy Osiyo davlatlari: Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.
Bundan tashqari, sammit doirasida energetika, infratuzilma, raqamli bogʻliqlik va xavfsizlik sohalarini rivojlantirish hamda taʼminlash masalalari muhokama qilinadi.
Sammit avvalgi diplomatik aloqalar negizida tashkil etilgan. Jumladan, 2024 yil may oyida Rim shahrida boʻlib oʻtgan uchinchi Italiya – Markaziy Osiyo hukumatlararo konferensiyasida suv resurslari, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tashabbuslar va oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik masalalari muhim mavzu sifatida muhokama qilingan edi.
Ushbu tashrif orqali Italiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanishi va rivojlanishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, Jorja Meloni Italiya tarixida Vazirlar Kengashi Prezidenti boʻlgan birinchi ayol hisoblanadi. U 2022 yil 22 oktabrdan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritmoqda. Bungacha esa u Yoshlar ishlari vazirligi rahbari sifatida faoliyat olib borgan.