platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar: otning yolini kim oʻrib qoʻyadi?

Otga qarab, qoʻrquvdan qotib qoldi: baytal tik turibdi, uning yoli va dumlariga qandaydir jonivorlar yopishib olgan. Bu mavjudotlar mushukdan sal kattaroq boʻlsa-da, mushuk emasligi aniq edi.

Ochilmagan sirlar: otning yolini kim oʻrib qoʻyadi?
Fotokollaj: Platina.uz

Ayrim xalqlarda, jumladan, oʻzbek xotin-qizlarining sochlarini oʻrib qoʻyish keng tarqalgan. Bunda soch tolalari oʻziga xos tarzda “eshib, toʻqib” qoʻyiladi.

Qizlarning oʻrilgan sochi.

Bunday holatni otlarning yolida ham kuzatish mumkin. Ot yollarini ayrim otboqar va poygachilarning oʻzlari husn uchun oʻrib qoʻyishsa, koʻp hollarda ot yollarining oʻz-oʻzidan oʻrib qoʻyilishini kuzatish mumkin. Bu yerda “oʻz-oʻzidan” degan iborat munozarali, zero, baʼzi taxminlarga koʻra, ot yollarini qandaydir jonli yoki sirli mavjudotlar oʻrib qoʻyar emish...

Ot devi haqida afsonalar

Turkiy xalqlarning afsonalarida otning devi boʻladi, degan tushuncha mavjud. Yaʼni odamzotga parallel olamda yashovchi, koʻrinib yoki koʻrinmay yuradigan, jinga oʻxshagan mistik mavjudotlar – devlar otning hamrohi boʻlib yurar emish. Devlar yordam bergani uchun otlar chidamli, baquvvat, tezkor va aqlli boʻlar emish.

Marhum oʻzbek adibi Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida ham shu haqda yozilgan. Asarda aytilishicha, otlar yilda bir marta oʻz devini koʻrar ekan.

Otlarning yonida qandaydir gʻayrioddiy mavjudotlar – ajinalar oʻralashib yurishini, ot yollari va dumlarini arqondek oʻrib yotishganini koʻrganlar – otboqar va choʻponlar yoki tasodifiy guvohlar talaygina. Ularning hammasini ham ruhiy bemor, shunchaki vizual gallyutsinatsiyaga uchragan, yaʼni ularning koʻziga yoʻq narsalar koʻringan deb boʻlmaydi. Biroq tajriba orqali, ilmiy yoʻl hamda dalillar bilan isbotlangan maʼlumotlar yoʻq, albatta.

Tasodifiy uchrashuv

...Abduhakim uchun bugun masʼuliyatli tun. Buvisining hisob-kitoblariga qaraganda, targʻil sigiri bugun-erta tugʻib qolishi kerak. Shunga Abduhakim tunda sigirdan xabar olib turmasa boʻlmaydi. Qish emasmi, havo sovuq, yangi tugʻilgan buzoqchani darrov oʻrab, chetga olinmasa, oʻlib qolishi hech gap emas. Sigir tuqqan buzogʻining shilimshiq va hoʻl junlarini yalab quritadi-yu, lekin qurishga ulgurmasdan sovqotib qolishi ham mumkin...

... Uyda telefon titkilab oʻtirgan Abduhakimning koʻzi endi ilingan ekan, qoʻlidagi telefon gilamga “tars” etib tushib ketdi-da, uyqusini ochib yubordi. “Sigirdan xabar olib, keyin biroz uxlab olaman” degan xayolda ogʻilxonaga shoshildi. Chiroqni yoqib, ogʻilxonaga nazar soldi. Boshqa mollardan alohida qilib, oʻralashib qolmasligi uchun arqoni uzun qilib bogʻlangan targʻilning hali-beri tugʻish niyati yoʻqqa oʻxshardi: qorni tarvaqaylab ketgan sigir yalpayib yotgancha kavsh qaytaryapti. Ammo nafas olishlari ogʻir. Har-har zamon ogʻir pishqirib qoʻyadi. Shu payt sigir bezovtalanib, oʻrnidan turdi. Bir muddat kalovlandi-da, yana yerga yotib oldi.

Abduhakim sigirga biroz qarab turgach, chiroqni oʻchirib, ogʻil eshigini yopdi. Bira-toʻla otlardan ham bir xabar olish maqsadida, ogʻilxonaga tutash qilib solingan otxona tomonga oʻtdi. Otasi tirikligida bu joyda kamida 4-5 ot bogʻlangan turardi. Hozir bitta baytal qolgan. Ukalari mollarni dalaga haydashda minib turishadi baʼzan.

Abduhakim otxona eshigini ochishga qiynalib, bir pas taraddudlanib qoldi. Sovuqdan barmoqlari qotdimi yoki bitta qoʻli telefon bilan band boʻlgani uchunmi, eshikka ilingan zanjirni ilgakdan chiqarishga biroz qiynaldi. Telefon nurini tutib, nihoyat ilgakni sugʻurdi-da, yogʻoch eshikni katta ochib, ichkariga qadam qoʻydi. Oʻng tarafdagi devorga mixlab qoʻyilgan taxta ustidagi yoqqichni qoʻli bilan paypaslab topib, chiroqni yoqdi. Yoqdiyu, otga qarab, qoʻrquvdan qotib qoldi: baytal tik turibdi, uning yoli va dumlariga qandaydir jonivorlar yopishib olgan. Bu mavjudotlar mushukdan sal kattaroq boʻlsa-da, mushuk emasligi aniq edi. Ularni kichkina, sochi paxmoq va yuzlari burishgan odamchalar deb tasvirlasak, yanada aniqroq boʻlar balki.

“Paxmoq odamchalar” ham chiroq yoqilganidan choʻchib ketishgan shekilli, boshchalarini ilkis oʻgirib, qimirlamasdan unga qarab turishar edi. Mitti va sargʻish koʻzlari chiroqchadek yonib turibdi. Jajji va suyakdor barmoqchalari bilan ot yoliga yopishib olishgan... Abduhakim yana ancha qotib turishi mumkin edi, ammo “paxmoq odamchalar”ning biri ot yolidan sirgʻalib, yerga tushdi-da, Abduhakimga yuzlanib, gʻazab bilan qaradi. Ha, aynan gʻazab bilan qaradi: odamchaning yuzlari burishib ketgan, tirishib, qimtilgan lablari qiyshayib, orasidan makkajoʻxori donasidek mayda va sargʻish tishchalari biroz koʻrinib turardi. Abduhakimning nazarida u hatto tishchalarning gʻijirlashini ham eshitdi. Ehtimol unga shunday tuyulgandir, ehtimol rostan ham gʻijirlagandir, biroq rangi oqarib, nafasi ichiga tushib ketgan yigitning buni aniqlash niyati yoʻq edi. “Paxmoq”ning otdan tushganining oʻziyoq Abduhakim uchun zoʻr turtki boʻldi. U koʻkrak qafasidan chiqib ketgudek boʻlib tarsillab urayotgan yuragini choponi ustidan gʻijimlagancha tashqariga otildi...

Abduhakim lablari gezargancha yugurib borib, akasini uygʻotdi. Tutilib-duduqlanib, ogʻilxonada koʻrganlarini qisqacha tushuntirishga urindi. Aka-uka oʻroq va belkurak bilan qurollanib, ogʻilga qaytishdi. Chiroq hamon yoniq, eshik esa ochiq turardi. Ular ikki kishi boʻlishgani uchun, ancha dadillanib, qoʻrquvdan qaltirashayotganini bir-birlariga sezdirmaslikka urinib, sekingina ichkariga moʻralashdi. Ogʻilxonada otdan boshqa hech zogʻ yoʻq edi.

Aka birinchi boʻlib oʻziga keldi. “Mana koʻrdingmi, hech narsa yoʻq, koʻzingga koʻringan... balki mushuklar boʻlgandir” dedi-da, ukasining yelkasiga yengil turtib qoʻydi. Abduhakim otga yaqinlashib, oxur ichiga moʻraladi. Otning atrofini gir aylanib koʻrdi. Shiftga ham tikildi. Biroq hech narsa topilmadi. Ogʻilxonada aka-uka hamda hech narsadan xabari yoʻq baytaldan boshqa hech bir tirik mavjudot yoʻq edi...

Tasodifiy oʻralish

Otlarning yollari ham inson sochiga oʻxshaydi. Yuvib, tozalab turilmasa, unga mayda xas-xashak va shoxchalar ilashadi. Yol eskirib, burala boshlaydi. Ot yerga agʻanashi, yon-atrofdagi daraxt, buta va boshqa buyumlarga surkalishi mumkin. Havo haroratining oʻzgarishlari yol tolalariga fizik taʼsir koʻrsatishi mumkin. Natijada ot yoli odam sochidan qalinroq boʻlgani uchun paxmoqlashmaydi-da, tolalari bir-biri bilan tasodifan chirmashib, oʻralib qoladi.

Biroq bu taxmin bilan, nega umuman tashqariga chiqarilmaydigan, parvarishlab, yoki yollari yuvib, tarab turilgan otlarning ham yollari oʻrilib qolishini tushuntirib boʻlmaydi.

Buni simli quloqchinlar misolida ham koʻrish mumkin. Bunday quloqchinlar sumkacha yoki choʻntakda boshqa buyumlar bilan qorishib yursa, vaqt oʻtishi bilan shunday chuvalashib, chigillashib ketadiki, yechib olishga qiynaladi odam. Xuddi birov ataylab chalkashtirib, tugib tashlaganmi, degan xayolga ham borasiz.

Chuvalashib ketgan simli quloqchin.

Sirli mahluqlar aralashuvi

Ot yolining sirli ravishda oʻrib qoʻylishini slavyan xalqlarida ham koʻp kuzatishgan va izoh topishga urinishgan.

Masalan, rossiyalik zoomuhandis Anastasiya Kalininaning aytishicha, lotincha nomi Mustela nivalis boʻlgan hayvoncha otlarning yolini oʻrib qoʻyadi.

Rus tilida Laska – (turchada – bayağı gelincik, tatarchada – yatchә, ingliz tilida – least weasel, ozarbayjoncha – adi gəlincik, qozoqcha – aqqalaq, saxa tilida mungur (kiil) deb ataluvchi bu jonivor kalamush va olmaxonga oʻxshab ketadigan sut emizuvchi hayvon. U otxonaga koʻpincha kalamushsimon kemiruvchilarga ergashib kirib qoladi. U tuzsiragan paytida otlarning shoʻr terini yalaydi.

Laska hayvoni.

Slavyan afsonalariga koʻra, “domovoy”, yaʼni uy ajinalari otlarni yoqtirmasa yoki koʻz tekkan davolash uchun otlarning yolini yalashadi va yollarini oʻrib qoʻyishadi. Lekin aytishlaricha, laskaga taka echkining sassiq hidi yoqmaydi. Shu sababli, slavyan xalqlari avval otlar yoniga bitta echki boylab qoʻyishgan. Buni ham laskani choʻchitish, ham otlar zerikmasligi uchun qilishgan.

Biroq bu versiyalarga zid taxminlar bor. Laska otni terini yalab tozalaydi, deyishadi, ammo laska “ishlov bergan ot”, aksincha, battar terga botib ketadi. Laskaning ot yoliga yopishishining sababi – laskaning junlaridagi burga, bit va boshqa mayda parazit hasharotlar otning terlagan suviga chiday olmay oʻlib qoladi yoki tushib ketishi bilan bogʻliq emish. Shu bois, laska oʻzini tozalash uchun ot yoliga oʻralashib yurar emish.

Biroq bu taxminlar bizning hududlarga toʻgʻri kelmaydi. Laska hayvoni umuman bizning hududlarda uchrashiga shubha bor.

Sir-sinoatga boy dunyo

Inson bor ekan, u har doim tabiat va borliq olamidagi sir-asrorlarga qiziqib yashaydi. Ot yolini kim oʻrib qoʻyishi borasida hamon aniq xulosa yoʻq. Ehtimol raqamli texnologiyalar rivojlangan va ilm-fan imkoniyatlari kengaygan hozirgi zamonimizda yashirin videokameralar orqali kuzatib, mazkur sirning tagiga yetishar. Biroq hozircha u taxmin va afsonalar tumaniga oʻralgan sir boʻlib qolaveradi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid