Xorij fuqarolariga 200 ming dollar evaziga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi
Bu fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham tegishli. Ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 100 ming AQSh dollari evaziga shunday imkoniyat beriladi.

Ayrim tadbirkorlarga soliq maʼmurchiligida yengilliklar beriladi.
Farmonga koʻra, 2025 yil 1 oktabrdan Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan xushboʻylashtiruvchi yoki rang beruvchi qoʻshimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz soligʻi bekor qilinadi.
20 va undan ortiq ishchisi mavjud boʻlgan yuridik shaxslarga mol-mulk va yer soliqlari hamda ijara toʻlovlari boʻyicha hisoblangan soliq summalarini 2025 yil 15 iyulda va 1 dekabrda boʻlib-boʻlib toʻlanishiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, Prezident Farmoniga muvofiq, umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga toʻlangan QQSning bir qismini qaytarishda ushbu faoliyatdan olingan daromad tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etishi zarurligi belgilandi.
Bundan tashqari, sanoat korxonalarining avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi, lokal suv tozalash inshooti va statsionar kuzatuv posti bilan jihozlash majburiyati muddati quyidagicha uzaytirildi:
-I toifadagi korxonalar uchun – 2026 yil 1 yanvargacha;
-II toifadagi korxonalar uchun – 2026 yil 1 iyulgacha.
2025 yil 1 iyundan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 200 ming AQSh dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 100 ming AQSh dollari miqdoridagi toʻlovlar evaziga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.