Slovakiya bosh vaziri YeI talabiga qarshi chiqdi
Robert Fitso Yevropa Ittifoqining Moskvada boʻlib oʻtadigan “Gʻalaba paradi”da ishtirok etmaslik haqidagi tavsiyasidan gʻazablanganini va buni hurmatsizlik sifatida qabul qilganini maʼlum qildi.

Slovakiya hukumati rahbari Yevropa Ittifoqining Moskvadagi Gʻalaba paradiga bormaslik haqidagi soʻrovini rad etdi.
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqining Moskvada boʻlib oʻtadigan “Gʻalaba paradida” ishtirok etmaslik haqidagi tavsiyasidan gʻazablanganini va buni hurmatsizlik sifatida qabul qilganini maʼlum qildi. Rossiyaparast deya tariflanadigan Fitso 9 maydagi tadbirda qatnashishini bir necha bor taʼkidladi.
Yevropa Ittifoqining xorijiy ishlar boʻyicha vazirlari bilan Lyuksemburgda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Yevro Ittifoqi komissiyasining vitse-prezidenti Kaja Kallas: “9 may kuni Moskvadagi tadbirda har qanday ishtirok, Rossiya Yevropaga qarshi urushni davom ettirayotgan bir pallada, biz tomonidan iliq qabul qilinmaydi,” — deya bayonot berdi.
Kallas, shuningdek, “Biz Yevropa Ittifoqiga aʼzo hech bir davlatning Moskvadagi paradga qatnashishini istamaymiz”, — deb qoʻshimcha qildi va boshqa davlatlardan oʻz vakillarini bahamjihatlik ramzi sifatida Kiyevga yuborishni soʻradi.
“Men 9 may kuni Moskvaga boraman. Men suveren davlat — Slovakiyaning qonuniy bosh vaziriman va hech kim menga qayerga borish yoki bormaslik haqida buyruq bera olmaydi,” — dedi Fiko.
Kreml “Gʻalaba kuni”ni oʻzining harbiy qudratini namoyish etish vositasi sifatida ishlatadi. Putin oʻtgan yili oʻtkazilgan tadbirda Ukrainadagi rossiyalik askarlarni “qahramonlar” deb taʼriflagan edi.
Fitsoning Rossiya–Ukraina urushi haqidagi qarashlari koʻplab Yevropa davlatlari rahbarlarinikidan farq qiladi. Oʻtgan yili bosh vazirlik lavozimiga qaytgan Fitso Rossiyani ochiq qoʻllab-quvvatlaydi. U bosh vazirlikka kelganidan soʻng Slovakiyaning Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatishini toʻxtatgan. Gʻarb davlatlari yetakchilaridan farqli ravishda, Fiko urush boshlanganidan beri hali Kiyevga tashrif buyurmadi. Uning hukumati Rossiyani qoʻllab-quvvatlagani uchun bir qator tanqidlarga uchragan.