Namanganda ayolining oʻlimiga sabab boʻlgan erkak 7 yilga qamaldi
Ayblanuvchi sudda oʻz aybiga iqrorlik bildirgan.

Namangan viloyati Chortoq tumanida ayoli oʻz ustiga benzin sepib, yoqib yuborgan erkak 7 yilga qamaldi. 2025 yil 14 aprel kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Chortoq tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi Sh.I.turmush oʻrtogʻi N.I. ni oʻziga nisbatan moddiy tomondan qaram boʻlganligi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun chidab yashagani uchun, unga doimiy tan jarohati yetkazib kelgan.
Ular 2025 yil 1 yanvar kuni soat 22:30 larda yashash xonadonida spirtli ichimlik isteʼmol qilmaslik va oilaviy nizolar boʻyicha oʻzaro tortishib qolishgan. Natijada ayol ruhiyatida yuzaga kelgan salbiy oʻzgarishlar tufayli yashash xonadonida boʻlgan yelim idish (baklashka)dagi benzin yonilgʻisini oʻzining tana qismiga sepgan. Erining soʻzlari sabab u olovni yoqib yuborgan, ammo Sh.I. olovni oʻchirib, uning hayotini saqlab qolgan. Biroq jabrlanuvchi 4 yanvar kuni olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizaning 2025 yil 14 yanvardagi xulosasida, N.Izatullayevaning oʻlimi alangadan tananing 80 foiz kuyishi, kuyishni 2-3 darajasi, kuyish shoki ogʻir darajasi, kuyish kasali toksemiya davri, poliorgan yetishmovchiligidan kelib chiqqanligi, ushbu jarohat hayot uchun xavfli boʻlgan ogʻir tan jarohatlari toifasiga kirishi aniqlangan.
Sudlanuvchi Sh.I oʻz aybiga iqrorlik bildirgan.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, unga JKning 103-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 7 (yetti) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda oʻtalishi belgilangan.